“German Sparkassenstiftung for International Cooperation” eksperti Boysunda
Germaniyaning xalqaro hamkorlik boʻyicha “German Sparkassenstiftung for International Cooperation” tashkiloti qisqa muddatli eksperti Sebastyan Xeld Boysun tumanida boʻlib, loyiha doirasida hamkor sifatida tanlangan 1-politexnikum hamda “Feruza Hunarmand” va “Shaxrinaz Drims” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarining milliy hunarmandchilik yoʻnalishidagi ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Hamkorlar bilan suhbatlashib, loyiha doirasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, innovatsion yondashuvlarni joriy etish hamda milliy qadriyatlarni asrab-avaylash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.


Ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirib, yoshlarning amaliyot va malaka oshirish imkoniyatlarini yanada kengaytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirdi.


Maftunkor tog‘lar qo‘ynidagi Boysun tumani o‘tmishdan o‘zining noyob milliy san’ati, milliy qadriyat va an’analari, nafis hunarmandchiligi bilan ham jahonga tanilgan. Tumanda saqlanib qolgan nodir urf-odatlarni asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni rivojlantirib, korxonalarning mahalliy hunarmandchilik va ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, shuningdek, milliy qadriyatlarni saqlash va targ‘ib qilishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA