Gemodializ markazlari soni yanada ko‘payadi
Nukus shahridagi “Olmazor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida gemodializ markazi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov, Hindistonning “Nephrocare health services central asia” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxonasi bosh direktori Vikram Vuppala ishtirok etdi. Mamlakatimizda tibbiyot sohasini isloh qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, tibbiy yordam ko‘rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Prezidentimizning 2019 yil 19 apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Surunkali buyrak yetishmovchiligi kasalligini davolashga ixtisoslashtirilgan ushbu markaz binosi “Nukus erkin qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan barpo etildi. Bino qurilishiga 3 milliard 400 million so‘m mablag‘ sarflandi.
Bir kecha kunluzda 100 nafar bemorni qabul qilish quvvatiga ega markaz Germaniyaning B BRAUN tibbiyot va farmatsevtika firmasining zamonaviy Dialog+ tibbiy uskunalari bilan ta’minlangan. Ushbu uskunalar bir vaqtning o‘zida 34 nafar bemorga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Aholi o‘rtasida so‘nggi yillarda ko‘payib borayotgan surunkali buyrak yetishmovchiligi kasalligini davolaydigan mamlakatimizdagi davlat-xususiy sheriklik asosida foydalanishga topshirilgan yagona markaz hisoblanadi.
– Biz loyihamizni Qoraqalpog‘iston Respublikasidan boshlayotganimizdan mamnunmiz, – deydi xorijiy korxona bosh direktori Vikram Vuppala. – Hamkorlik doirasida Toshkent shahrida, Xorazm viloyatining Urganch shahrida va Bog‘ot tumanida mana shunday markazlar ishga tushiriladi.
Tadbir ishtirokchilari markazning yangi binosida bemorlarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Shu yerning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqash vazirligi hamda “Nephrocare health services central asia” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxonasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.
[gallery-6699]
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA