G‘azo bilan bog‘liq voqealar (+video)
Dunyoning ko‘plab davlatlari G‘azoda kechayotgan urushga nisbatan norozilik bildirmoqda. Kanadada yashovchi faollar sektorni qo‘llab-quvvatlash uchun Ottava, Toronto va Monreal shaharlarida avtomobillar bilan miting uyushtirdi. Ular o‘z qarashlarini shu tariqa namoyon etib, ommani tezroq urushga barham berishga chaqirgan.
Osloda Falastin tarafdorlari yig‘ilishi chog‘ida faollar Isroilni yoqlovchi shaxs tomonidan hujumga uchragan. Jangari bir ayolning yuziga musht tushirib, yana bir necha namoyishchi bilan mushtlashishga uringan.
Falastinlik yangi tug‘ilgan egizaklar tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma ham olishga ulgurmay, vafot etdi. G‘azo shimolida yashagan Abu Al-Qumson, garchi urush ketayotgan bo‘lsa-da, egizak farzand ko‘rganidan boshi ko‘kka yetgudek xursand edi. Ertalab u yangi tug‘ilgan bolalariga guvohnoma olish uchun uyidan chiqib ketadi. Afsuski, hujjat bilan qaytib kelganda go‘daklar Isroil havo hujumi oqibatida halok bo‘lgan edi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/K3km3ydlmRM" title="Gʻazo bilan bogʻliq voqealar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Misrlik mashhur hajviy aktyor va shifokor Yusuf Bosim ko‘p yildan buyon AQSHda yashaydi. So‘nggi paytda Falastinni faol qo‘llab-quvvatlayotgan bu yigit televideniye orqali turli ko‘rsatuvlarda chiqib, Isroilning harbiy harakatidan norozilik aks etgan fikrlarini ochiq gapirib kelgan.
Kuni kecha qo‘shtirnoq ichidagi “so‘z erkinligi” tufayli chiqishlari yoqmayotgan, obunachisi 11 milliondan oshgan Yusufning “X” ijtimoiy tarmog‘idagi akkaunti cheklab qo‘yildi.
Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer yangi qonun loyihasini tayyorladi. Ushbu hujjatga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqda Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi post, ma’qullovchi izoh qoldirganlar, hatto “layk” belgisi qo‘yganlar jinoiy yoki ma’muriy jazo chorasi sifatida mamlakatdan chiqarib yuboriladi.
K.Bekjonov, O‘zA