Gaz ta’minotida onlayn boshqaruv nazorat va samaradorlik omilidir
Bugungi kunda raqamlashtirish jarayonlari barcha sohalarda bo‘lgani kabi gaz ta’minotini ham qamrab olmoqda. Bu esa aholini tabiiy gaz bilan ta’minlash, avariya holatlarini tezkor bartaraf etish va xizmat ko‘rsatish sifati oshishiga xizmat qilyapti.
Ayni paytda tizimda “ArcGIS Enterprise Advanced” onlayn boshqaruv dasturi yo‘lga qo‘yilib, tabiiy gaz ta’minoti ob’ektlarini boshqarish va nazorat qilish jarayonlari to‘liq raqamli shaklga o‘tkazilmoqda.
Mazkur tizim orqali gaz tarmoqlari, ulardagi uskunalar va infratuzilma ob’ektlari haqidagi barcha ma’lumotlar yagona elektron platformaga jamlanadi. Bu esa soha mutaxassislarga haqiqiy vaqt rejimida ma’lumot almashish, joriy holatni tahlil etish va tezkor qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

“Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filialida ham ushbu zamonaviy yondashuv samarali joriy etilgan. Soha mutaxassislari “Arc GIS Enterprise Advanced” ilovasi orqali kun davomida bajargan ishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “ArcGIS HGT onlayn boshqaruv” tizimiga yuklab bormoqda. Bu esa ish jarayonlarining shaffofligi va nazorat qilinishini ta’minlaydi.
Karmana tumanida ham tuman gaz ta’minoti bo‘limi ishchi-xodimlari ayni shu onlayn boshqaruv tizimi orqali ish faoliyatini olib bormoqda. Tumanda 39 ta mahalla mavjud bo‘lib, ularga 17 nafar chilangar biriktirilgan.

– Mazkur ilova orqali chilangarlarning kun davomidagi bajarayotgan ishini ko‘rish va tahlil qilish imkoni yaratildi, – deydi “Karmanatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi mutaxassisi Eldor Narziyev. – Shu bilan birga o‘sha hududda avariya, gaz sizib chiqish holatlari mavjud bo‘lsa, buni zudlik bilan bartaraf etish imkoniyati oshdi. Bugungi kungacha har bir chilangarimiz mazkur onlayn dastur orqali 14 tadan gaz taqsimlash qurilmasi va gaz quvurlarini texnik nazorat qilish ishlarini bajardi. Har bir qilingan ish ilovaga yuklanadi va bu tizimda shaffoflikni ham ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Oxun Davronov tumangaz gaz ta’minoti bo‘limi chilangarlaridan biri. Unga tumandagi Dehqon, Ziyokor, Mir Said Bahrom mahallalari biriktirilgan. Chilangar mobil qurilma orqali onlayn dasturga kiritib, o‘ziga topshirilgan vazifani bajaradi. Texnik nazoratdan o‘tgan gaz quvurlari va gaz taqsimlash qurilmalari bo‘yicha ma’lumotni esa ilovaga yuklaydi. Bu esa O.Davronovni ayni bugun va manzilli holda nima ish bilan band bo‘lgani hamda uning natijasini ko‘rsatish imkonidir. Bu dastur xodimni ishga bo‘lgan mas’uliyatini yanada oshiradi, qolaversa, samaradorlikka ham xizmat qiladi.

– Menga biriktirilgan hududda 28 ta gaz taqsimlash qurilmasi mavjud, – deydi O.Davronov. – Shu bilan birga 14,2 kilometr gaz quvurlarini nazorat qilish ishlarini ham olib boramiz. Ilova orqali kunlik ishimiz va samaradorlik ko‘rinib turadi. Bu esa o‘z ustimizda ishlashni, yanada faol va mas’uliyatli bo‘lishimizni taqozo etadi.
Nazorat, aniqlik, xolislik va shaffoflikka tayangan mazkur onlayn boshqaruv tizimi pirovardida aholiga tabiiy gazni bir maromda yetkazish, yo‘qotishlar oldini olish, xizmat sifatini yanada oshirishga erishiladi. Bu esa iste’molchi manfaatini ko‘zda tutgani bilan ahamiyatlidir.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri