Gaz ta’minotida muammolar bo‘lmaydi
Kuz-qish mavsumida aholi ehtiyojlari uchun zarur bo‘ladigan gaz, elektr va suv ta’minotida uzviylikni ta’minlash kommunal xizmat ko‘rsatish idoralari oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Namangan viloyatida suyultirilgan gaz ta’minotini barqaror va xavfsiz tashkil etish maqsadida “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filialida bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilish ayni shu masalaga qaratildi.

Filial rahbariyati bilan bir qatorda viloyatning barcha shahar va tuman gaz ta’minoti bo‘limlaridan mas’ullar hamda xodimlar ishtirokidagi mazkur yig‘ilishda, kuz-qish mavsumida o‘z vaqtida aholiga uzluksiz va xavfsiz gaz yetkazib berish masalasi muhokama qilindi.
“Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali direktori Ibrohimjon Mamajonov ta’kidlab o‘tganidek, ayni kunlarda iste’molchilarning suyultirilgan gazga bo‘lgan talab va ehtiyoji ortib bormoqda. Shu bois, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, korrupsiya holatlariga aslo yo‘l qo‘ymaslik va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish muhim ahamiyatga ega.

Tadbirda, shahar va tuman gaz bo‘limlari rahbarlarining o‘z hududida bajarilgan ishlari, mavjud muammolar hamda ularni hal etish yo‘llari yuzasidan hisobotlar eshitildi. Xususan, ayrim hududlarda suyultirilgan gaz yetkazib berish grafigini optimallashtirish, iste’molchilar murojaatlariga tezkor javob berish, xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish zarurligi alohida qayd etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA