Gaz jihozingizning sozligi uchun kim mas’ul?
Inson hayoti va salomatligi har qanday boylikdan ustun. Ayniqsa, kundalik turmushda foydalaniladigan gaz jihozlarining texnik holatiga befarqlik og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Keyingi yillarda mamlakatimizda aholining xavfsizligini ta’minlash, is gazidan zaharlanish va gaz chaqnashi bilan bog‘liq noxush holatlarning oldini olish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan mahallalarda targ‘ibot va tushuntirish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Mutaxassislar xonadonma-xonadon yurib, aholini gazdan xavfsiz foydalanish qoidalariga amal qilishga, gaz jihozlarini muntazam texnik ko‘rikdan o‘tkazishga hamda energotejamkor qurilmalardan foydalanishga chaqirmoqda.

Ko‘pchilik iste’molchilar orasida gaz plitasi, isitish qozoni yoki boshqa gaz jihozlari nosoz holatga kelganda ularni ta’mirlash va texnik holati uchun gaz ta’minoti tashkiloti javobgar, degan tushuncha shakllangan.
2024-yil 31-mayda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 319-sonli qarorida iste’molchilarning huquq va majburiyatlari batafsil ko‘rsatib berilgan. Mazkur hujjatga muvofiq, ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uy-joylarda o‘rnatilgan gaz plitalari har ikki yilda kamida bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi, boshqa turdagi gazdan foydalanuvchi uskunalar esa buyurtma asosida har yili texnik taftishdan o‘tkazilishi shart, bu ishlar gaz ta’minoti tashkiloti yoki tegishli vakolatga ega bo‘lgan tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin, texnik ko‘rikni tashkil etish va uning o‘z vaqtida o‘tkazilishini ta’minlash esa bevosita iste’molchining majburiyati hisoblanadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, isitish mavsumi boshlanishi bilan is gazidan zaharlanish, gaz chaqnashi va yong‘in bilan bog‘liq holatlar soni ortadi. Afsuski, ushbu hodisalarning aksariyati nosoz gaz jihozlari, muddati o‘tgan yoki talabga javob bermaydigan gaz ballonlari hamda noto‘g‘ri o‘rnatilgan ikki konturli isitish qurilmalari sababli yuz beradi.
—Har bir fuqaro o‘z xavfsizligiga yil davomida mas’uliyat bilan yondashishi lozim. Ko‘p holatlarda baxtsiz hodisalarning asosiy sababi gaz jihozlarining vaqtida tekshirilmagani va texnik talablarga rioya qilinmaganidir. Vazirlar Mahkamasining 319-sonli qarorida bu boradagi mas’uliyat aniq belgilab berilgan, —deydi “Hududgaz Buxoro” filiali mas’ul xodimi Komil Qahhorov.

Gaz — qulaylik manbai. Biroq undan noto‘g‘ri foydalanish katta xavf tug‘diradi. Shu bois har bir xonadon egasi gaz jihozlarining texnik holatini muntazam nazorat qilishi, mutaxassislar tavsiyalariga amal qilishi va profilaktik tekshiruvlarni kechiktirmasligi zarur.
Unutmaslik kerak, gaz jihozining o‘z vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi nafaqat qonun talabidir, balki inson hayotini saqlab qoluvchi muhim omil hamdir.
Bugun xavfsizlik masalasiga befarq qarash ertangi kun uchun og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Gaz jihozlarining sozligi uchun birinchi navbatda iste’molchining o‘zi mas’ul ekani qonunchilikda mustahkam belgilab qo‘yilgan. Demak, har bir fuqaro o‘z xonadonidagi gaz qurilmalarini muntazam texnik ko‘rikdan o‘tkazib, xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilsa, ko‘plab baxtsiz hodisalarning oldi olinadi. Zero, ehtiyotkorlik va mas’uliyat oila tinchligi hamda inson hayotining eng ishonchli kafolatidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri