Gansuda tabiiy ofat: qurbonlar bor
Xitoyning shimoli-g‘arbida joylashgan Gansu viloyatida kuchli yomg‘irlar ortidan yuzaga kelgan sel sayyohlik maskanida fojiaga sabab bo‘ldi. Davlat ommaviy axborot vositalari tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida 10 kishi halok bo‘lgan, 23 nafar fuqaro tan jarohati olgan. Qutqaruv xizmati yana 174 kishini xavfsiz hududga olib chiqqan.
Ta’kidlanishicha, sel Dinsi shahrining Shuanshimen qismida sodir bo‘lgan. Qisqa vaqt ichida yoqqan jala oqibatida tog‘dan kelgan sel oqimi dam olayotgan sayyohlarni qamal holatda qoldirgan. Bu hudud tabiiy tosh ko‘priklari, tog‘ o‘tloqlari va soylari bilan mashhur bo‘lib, yoz mavsumida ko‘plab sayyohlar tashrif buyuradi.
Hodisada jabrlanganlar darhol shifoxonalarga yetkazilgan. Mahalliy hokimiyat qutqaruv ishlari davom etayotganiin ma’lum qildi. Shu bilan birga, aholiga uydan chiqmaslik, rasmiy ogohlantirishlarga amal qilish hamda xavfli hududlardan uzoqroq turish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ayni paytda mamlakat janubida ham noqulay ob-havo kuzatilmoqda. “Noul” to‘foni yakshanba kuni sohilga yetib kelgach, bir qator hududlarda sel va suv toshqini xavfi e’lon qilindi. Garchi Gansu viloyati to‘fon yo‘nalishidan ancha uzoqda joylashgan bo‘lsa-da, kuchli yog‘ingarchilik bu yerda ham og‘ir oqibatlarni keltirib chiqardi.
Musulmon Ziyo, O‘zA