G‘allaorolda dorilar elektron retsept orqali beriladi
Joriy yilning 10 dekabridan boshlab, Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida dori vositalarini berishda elektron retsept tizimi joriy etildi. Ushbu tartib aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, dori aylanmasi ustidan nazoratni kuchaytirish hamda o‘zboshimchaliklarning oldini olishga qaratilgan.
Yangi tizimga ko‘ra, tumandagi barcha dorixonalarda retsept bilan beriladigan dori vositalari faqat elektron shaklda rasmiylashtirilgan retsept asosida taqdim etiladi.
Elektron retsept shifokor tomonidan bevosita rasmiylashtirilib, unda dori vositasining xalqaro patentlanmagan nomi, qabul qilish tartibi, dozasi va davomiyligi aniq ko‘rsatiladi.
Elektron retseptda bir vaqtning o‘zida bir nechta tashxisga asoslangan holda beshtagacha dori belgilash mumkin. Bu esa davolash jarayonida shaffoflikni ta’minlab, bemor xavfsizligini oshiradi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, elektron retsept tizimi orqali dori vositalarining noqonuniy muomalasi cheklanib, shifokor, dorixona va bemor o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanadi. Shu bilan birga, dorilarni retseptsiz berish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar uchun javobgarlik choralari ham saqlanib qoladi.
Ma’lumki, kelgusida elektron retsept tizimi respublika bo‘ylab to‘liq joriy etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirishda muhim qadam hisoblanadi. Hozircha esa, joriy yilning 10 dekabridan buyon Toshkent shahri va G‘allaorol tumanidan tashqari respublikamizning tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan yana 14 ta tuman va shaharlarida dorilar retsep asosida berilishi boshlangan.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri