G‘alla – 2021: Navoiyda ulkan xirmon bunyod etildi
Navoiy viloyati g‘allakorlari joriy yil hosili uchun 38 ming gektardan ziyod yer maydoniga boshoqli don ekib, parvarishladi. G‘alla o‘rim-yig‘imi uyushqoqlik bilan tashkil etilib 211 ming tonnalik ulkan xirmon yaratildi. Yillik reja ortig‘i bilan bajarildi.
Ayni paytga qadar davlatga 82 ming tonna tovar don sotilib, 9,9 ming tonna urug‘lik jamg‘arildi. Klaster va fermer xo‘jaliklari ixtiyorida esa 120 ming tonnaga yaqin don qoldirildi. G‘alla o‘rim-yig‘im ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida 103 ta otryad tuzilib, ularning har biriga bittadan kombayn biriktirildi.
Albatta, g‘allachilikda klaster tizimining joriy etilgani mo‘l hosil yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Viloyatdagi 9 ta g‘allachilik klaster korxonasi tomonidan 854 ta fermer xo‘jaligining mavjud g‘alla maydonlariga moddiy texnik resurslar, mineral o‘g‘itlar belgilangan muddatda yetkazib berildi.
– O‘tgan yili kuzda donning “Davr” va “Starshina” navidan ekkan edik, – deydi Navbahor tumanidagi “Diyorbek Hamid kelajagi” fermer xo‘jaligi rahbari Umid Ahmedov. – Agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazganligimiz bois qilingan mehnatimiz besamar ketmadi. Davlatga g‘alla sotish rejasini birinchilardan bo‘lib bajardik. Rejadagi 90,4 tonna o‘rniga 95 tonna g‘alla topshirdik. Har gektar yerdan 55 sentnerdan hosil olindi. Hali dalalarda o‘rilmagan g‘allazorlarimiz bor. Ularning hisobiga hosildorlik yanada oshadi va daromadimiz ham shunga yarasha bo‘ladi.

Konimex tumanidagi “Aymeken”, “Uchqun narqul o‘g‘li”, “Shamshi ata”, Qiziltepada “Ahad bobo”, “Davron” “Vang‘ozi agro eksport” MCHJ, “Xalim Abrom Akrom paxtakori”, Navbahorda “Safo Sevdi”, “Xondamir Ibrat”, “Buganboy”, “Ochilova Inobat”, “Navbahor sayqali kamoli”, Xatirchida “Norxol ellik boshi”, “Tursunov Kamoliddin”, “Murtaza karvon orzusi”, “Usmon dodo Sunnat”, “Niyat kafolat”, Karmanada “Baxrom Rizo”, “Ato Bo‘tayev”, “Amirxon Burxon” fermer xo‘jaliklari g‘alla maydonlaridan o‘rtacha 80-90 sentnerdan hosil yig‘ishtirib olindi.
Viloyatdagi 2 ta don korxonasi va ularga qarashli 6 ta don shoxobchasi to‘liq mavsumga tayyor holatga keltirildi. Shuningdek, viloyat bo‘yicha don saqlash sig‘imlari jami 125,3 ming tonnani tashkil etib, shundan 104,3 ming tonnasi “Navoiydonmahsulotlari” aksionerlik jamiyati va 21 ming tonnasi “Qiziltepa un zavodi” hissasiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, “Navoiydonmahsulotlari” aksionerlik jamiyatida 2 ta urug‘chilik sexi mavjud bo‘lib, urug‘lik donni naviga qarab joylashtirish bo‘yicha maydonlar bloklar bilan chegaralangan.
– O‘ttiz gektar maydonga donning “Davr” navidan ekkan edik, – deydi Qiziltepa tumanidagi “Ota kasb Qiziltepa” fermer xo‘jaligi raisi Rizo Jalolov. – Ikki kunda g‘allani o‘rib, klasterga 17,8 tonna, davlatga 66,4 tonna don topshirdim. G‘allani parvarishlash davrida soha mutaxassislari bilan hamkorlikda ish olib bordik. Ularning ko‘rsatmalarini o‘z vaqtida amalga oshirib, yuqori hosildorlikka erishdik. Daromadimiz ham har yilgidan yuqori bo‘ldi. Omborimizga to‘kilgan donni ishchilarimizga tarqatamiz.

Albatta, yozning jazirama kunlari dalalarda mehnat qilayotgan, rizq-ro‘zimiz bo‘lgan bug‘doyni isrof qilmasdan yig‘ib olishda jonbozlik ko‘rsatayotgan dehqonlar, fermerlar, kombaynchilar va bu jarayonga mas’ul bo‘lgan boshqa mutasaddilarning fidoyiligi tahsinga loyiq. Zero, ularning bugungi mashaqqatli mehnati ertangi farovon turmushimiz va dasturxonimiz to‘kinligini ta’minlaydi.
Ayni kunlarda o‘rim-yig‘im ishlari davom etmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA