G‘alabalar manzili — Olimpiya muzeyi
Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyining 30 yilligi nishonlandi.
Poytaxtimizda Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyi tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan «30 yillik — tarix va taraqqiyot» shiori ostida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi sport vazirligi, Milliy olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari, sport faxriylari, muzey jamoasi hamda sport sohasi mutasaddilari va ommaviy axborot vositalari hodimlari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida sport vaziri Adham Ikromov muzeyning mamlakatimiz sport tarixini asrab-avaylash, olimpiya qadriyatlarini yosh avlod ongiga singdirish, yurtimiz sportchilarining erishgan yutuqlarini keng targ‘ib etishdagi muhim ahamiyatini ta’kidladi. Shuningdek, muzey o‘zining 30 yillik faoliyati davomida qator nufuzli sport tadbirlari, xususan, Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida yuksak natijalarga erishgan sportchilarimizni sharaflash va taqdirlash marosimlariga bir necha bor mezbonlik qilgani qayd etildi.
[gallery-31254]
Muzey faoliyatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan mutaxassislar va sobiq rahbarlarning mehnati e’tirof etildi. Shuningdek, muzeyning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida xizmat faoliyati uchun zarur sharoitlar yaratilib, bir guruh xodimlar taqdirlandi.
Tantanali marosimda muzeyning 30 yillik faoliyati, taraqqiyot bosqichlari, shuningdek, O‘zbekiston sportida qo‘lga kiritilgan muhim natijalar haqida ma’lumot berildi. «G‘alabalar manzili — Olimpiya muzeyi» videolavhasi namoyish etildi.
Tadbir doirasida mehmonlarga muzey ekspozitsiyalari namoyish etilib, zallar bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi.
Tadbirda muzeyning o‘ttiz yillik faoliyati sarhisob qilinib, uning bugungi vazifalari va istiqboldagi faoliyatiga oid fikr-mulohazalar bildirildi.
Javohir Toshxo‘jayev,
Alimurod Mamadaminova (surat),
O‘zA