G‘olib – mamlakat bosqichiga yo‘l oldi
Futbol bo‘yicha o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasidagi “Kamolot” kubogi” musobaqasining Toshkent shahar bosqichi yakunlandi.
Futbol bo‘yicha o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasidagi “Kamolot” kubogi” musobaqasining Toshkent shahar bosqichi yakunlandi.Yoshlarning futbolga qiziqishini yanada oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida o‘tkazilayotgan turnirda poytaxt o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi maskanlarining eng kuchli o‘n bir jamoasi maydonga tushdi.
Final uchrashuvi “Paxtakor” markaziy stadionida bo‘lib o‘tdi. Unda Olmazor politexnika kasb-hunar kolleji jamoasi Yu.Rajabiy nomidagi Toshkent pedagogika kolleji yoshlariga qarshi to‘p surdi. Qiziqarli o‘tgan uchrashuvda Olmazor politexnika kasb-hunar kolleji o‘quvchilari 5:3 hisobida g‘alaba qozonib, turnirning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda Toshkent harbiy-telekommunikatsiyalar akademik litseyi jamoasi Toshkent moliya va iqtisodiyot kolleji vakillarini 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.