FVV tizimida kitobxonlik tanlovi
Farg‘ona viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida tizimdagi harbiy xizmatchilar o‘rtasida intellektual salohiyatni oshirish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish hamda ajdodlarimiz merosini keng targ‘ib etishga qaratilgan “Ajdodlar izidan” tanlovi o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar o‘z bilim va tafakkurlarini sinovdan o‘tkazib, tarix, adabiyot, ma’naviyat, harbiy vatanparvarlik hamda mutolaa madaniyati yo‘nalishlarida savol-javoblar, mantiqiy savollar va tezkor fikrlash shartlari asosida o‘zaro bahslashdilar. Bahs-munozaralarga boy, murosasiz va qiziqarli ruhda o‘tgan bilimlar tortishuvida Beshariq tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Tanlov yakunida g‘oliblar va faol ishtirok etgan jamoalar viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.



– Mazkur tadbir yosh harbiy xizmatchilarning ma’naviy-axloqiy saviyasini yuksaltirish, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, ajdodlarimizning boy ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganish hamda ularning professional bilim va dunyoqarashini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda, – deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik G‘anijon Alaviddinov.
Muhammadjon Obidov, O‘zA