Futzal: Istiqbolli rejalar belgilab olindi
O‘zbekiston futzal federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi a’zolari hamda terma jamoa murabbiylari ishtirokida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda tijorat musobaqalarida ruxsatsiz ishtirok etgan futzalchilar va murabbiylarga chora ko‘rish vazifasi topshirildi. Yoshlar va o‘smirlar terma jamoalariga yangi bosh murabbiylar tayinlandi.
Kun tartibiga binoan dastlab istiqboldagi ustuvor vazifalar belgilab olindi. O‘FF bosh kotibi va departament rahbarlarining amalga oshirilgan ishlar yuzasida hisobotlari tinglandi. Mamlakat milliy chempionatining hal qiluvchi turlariga tayyorgarlik jarayoni, birinchi liga musobaqasi yakunlari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston futzal assotsiatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov milliy terma jamoaning yangi bosh murabbiy Xose Mariya Mendes atrofida ishlarni tizimli tashkil etish, munosib o‘rinbosarlar tayyorlash jarayonini eng kichik yosh toifalaridan boshlash zarurligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, 2029-yili O‘zbekistonda o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga iqtidorli yoshlarni saralab olish, ularni terma jamoa sifatida shakllantirish orqali yuqori natijalar uchun kurashish lozimligi qayd etildi.
Terma jamoa bosh murabbiyi Xose Mariya Mendes o‘tkazilgan ilk yig‘in xususida to‘xtalib, O‘zbekiston azaldan iste’dodlar yurti ekanini, jahon miqyosida yuqori natijalarga erisha oladigan iqtidorli o‘yinchilar yetarliligini, ularni to‘g‘ri yo‘naltirish muhimligini bildirdi.
Yig‘ilish davomida milliy terma jamoa yig‘iniga ayrim o‘yinchilar va murabbiylarning mas’uliyatsiz munosabati keskin tanqid qilindi. Xususan, yaqin xorijda o‘tkazilayotgan tijorat turnirlarida ishtirok etishni Vatan sha’nidan ustun qo‘yish holatlari muxlislar va mutaxassislar noroziligiga sabab bo‘layotgani aytildi.

Muhokamalar va bildirilgan fikrlar asosida O‘zbekiston futzal federatsiyasi terma jamoalar departamenti boshlig‘i Rustam Zufarov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. Ushbu lavozimga Dilshod Rahmatov tayinlandi.
Musobaqalarni tashkil etish va o‘tkazish departamentiga joriy mavsumda xorijda o‘tgan tijorat musobaqalarida ruxsatsiz ishtirok etgan futzalchilar va murabbiylar ro‘yxatini shakllantirib, ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rish vazifasi yuklatildi.
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Konstantin Sviridovning o‘rniga Nodir Eliboyev tayinlangan bo‘lsa, O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasida Shuhrat Tojiboyev bosh murabbiy sifatida ish olib borishi e’lon qilindi.
Yig‘ilish yakunida milliy chempionatning hal qiluvchi turlarini yuqori saviyada tashkil etish, g‘olib va sovrindorlarni munosib taqdirlash, targ‘ibot ishlarini kuchaytirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA