Futzal bo‘yicha milliy terma jamoaga yangi bosh murabbiy tayinlandi
Poytaxtimizda futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyini tanishtirish marosimi va matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Professional futbol ligasi rahbariyati, futbol va futzal faxriylari, Oliy liga jamoalari murabbiylari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Anjuman avvalida O‘zbekiston futzal federatsiyasi hamda ispaniyalik mutaxassis Xose Mariya Pasos Mendes o‘rtasida 2028-yil bahoriga qadar amal qiladigan shartnoma rasman imzolandi.
Matbuot anjumanini ochib bergan federatsiya rahbari Bekzod Mamatqulov milliy terma jamoa oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalarga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, navbatdagi Osiyo kubogi 2028-yilgi jahon chempionati saralash bosqichi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, ushbu musobaqaga tayyorgarlik jarayoni har qachongidan ko‘ra jiddiy va puxta tashkil etilishi lozim.

Ma’lum qilinishicha, milliy terma jamoamiz 7-apreldan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini boshlaydi. Unda yangi nomlar sinovdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, futzal tizimini yanada takomillashtirish maqsadida barcha terma jamoalar faoliyatini markazlashtirish, yoshlar va o‘smirlar jamoalarida yagona uslubni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.

Jumladan, milliy terma jamoa bosh murabbiyiga Shuhrat Tojiboyev yordam beradigan bo‘ldi. Yoshlar terma jamoasiga Konstantin Sviridov, o‘smirlar terma jamoasiga esa Nodir Eliboyev bosh murabbiy etib tayinlandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA