Futbol: “So‘g‘diyona” – “Paxtakor” – 1:0
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasida navbatdagi 23-tur uchrashuvlarining so‘nggi bahsi Jizzaxning “So‘g‘diyona” va Toshkentning “Paxtakor” klublari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
Har ikki jamoa navbatma-navbat hujumlar tashkil etdi. Futbolchilarga ba’zan aniqlik yetishmagan bo‘lsa, qolgan holatlarda himoyachilar va darvozabonlar to‘pni qaytarishga erishdi.
Bellashuvning birinchi bo‘limida hisob ochilmadi va jamoalar 0:0 hisobida tanaffusga chiqdi.
O‘z murabbiylaridan kerakli ko‘rsatmalarni olgan har ikki jamoa futbolchilari 2-taymda shijoatni yanada oshirdi. Natijada har ikkala jamoa hujumlari yanada xavfli tus ola boshladi.
Nihoyat bellashuvning 53-daqiqasida jizzaxliklar yarim himoyachisi Shahboz Jo‘rabekov gol kiritib, “So‘g‘diyona”ni oldinga olib chiqdi – 1:0.
O‘yinni boshqargan hakam Vadim Agishevning hushtagi yangragach, jizzaxliklar joriy mavsumda “Paxtakor”ni mag‘lub etgan 3-jamoa bo‘ldi.
Superliganing 23-turidan o‘rin olgan “So‘g‘diyona” – “Paxtakor” uchrashuvidan so‘ng har ikki jamoa bosh murabbiylari matbuot anjumanida qatnashdi.
– Bugun tarkibni aniqlash borasida qiyinchilikka duch keldik, – dedi “Paxtakor” jamoasi bosh murabbiyi Piter Xyuistra. – Milliy terma jamoadan jarohat bilan qaytganlar bor edi. Olimpiya terma jamoasiga chaqirilgan futbolchilar ham bor va yo‘qotishlarimiz katta bo‘lgani bois qaydnomaga yosh futbolchilar kiritildi. Bugun yoshlarimiz “So‘g‘diyona”ga qarshi bahsda yaxshi o‘ynadi, deb o‘ylayman. Ammo maydon talab darajasida emas. Maydon yaxshi bo‘lmasa hech qachon sifatli futbol va futbolning o‘sishi bo‘lmaydi.
– Chempion jamoa bilan oddiy o‘yin bo‘lgani yo‘q, – dedi So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev. – O‘yinda standart vaziyatdan to‘p kiritdik. To‘p o‘tkazib yuborishimiz ham mumkin edi. “Paxtakor”ga keyingi mavsum OCHLda muvaffaqiyatli ishtirok etishini tilayman.
Ushbu turning qolgan uchrashuvlarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Mash’al” (Muborak) – “Navbahor” (Namangan) – 0:0, “Qo‘qon-1912” (Qo‘qon) – “Lokomotiv” (Toshkent) – 2:1, “Bunyodkor” (Toshkent) – “Turon” (Yaypan) – 3:1, “Surxon” (Termiz) – “Qizilqum” (Navoiy) – 1:0, “Metallurg” (Bekobod) – AGMK (Olmaliq) – 0:1.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA