Futbol: O‘zbekiston Superligasida 25-tur start oladi
Bugun, 21 noyabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 25-turi start oladi va 24 noyabrga qadar davom etadi.
Milliy chempionatimizning 25-turida “Paxtakor” – OKMK, “Qizilqum” – “Navbahor”, “Neftchi” – “Nasaf”, “Olimpik” – “Bunyodkor”, “Andijon” – “Dinamo”, “Metallurg” – “Surxon”, “So‘g‘diyona” – “Lokomotiv” klublari bahsiga guvoh bo‘lamiz.

Endi esa ushbu turdagi bahslar haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tamiz. Mazkur turni “Paxtakor” – OKMK uchrashuvi boshlab beradi. Bu o‘yin soat 18:00da “Jar” stadionida boshlanadi. Turning markaziy o‘yinlaridan biri deya e’tirof etilgan ushbu uchrashuv shiddatli bellashuvlar ostida o‘tishiga shubha yo‘q. Sababi, har ikkala jamoa hamon medallar uchun kurashmoqda. Bu o‘yinda ochko yo‘qotgan jamoa qiyin vaziyatda qoladi, ayniqsa, poytaxt klubi uchun bu juda qimmatga tushadi. Ayni damda “Paxtakor” 38 ochko bilan 5-o‘rinda bormoqda. OKMK esa 41 ochko bilan ikkinchi o‘rindan joy olgan.
Shu o‘rinda mazkur jamoalarning o‘zaro o‘yinlari statistikasiga e’tibor qaratib o‘tsak.
Hozirga qadar chempionatlarimiz tarixida jamoalar 33 marta o‘zaro to‘qnash kelgan. 23 bellashuvda “Paxtakor” g‘alaba qozongan bo‘lsa, 5 bahsda durang qayd etilgan va yana 5 o‘yin Olmaliq klubi foydasiga hal bo‘lgan. “Paxtakor” ushbu o‘yinlarda 60 to‘p kiritib, 23 gol o‘tkazib yuborgan. Shuningdek, Toshkentda kechgan 16 o‘yinning 10 tasida “Paxtakor” ustun kelgan. 5 to‘qnashuvda durang qayd etilib, bir bor raqib g‘alaba qozongan. Joriy yilgi Superliga o‘yinlarining birinchi davrasida OKMK o‘z maydonida “sherlar”ni 4:2 hisobida taslim qilgan.
Endi esa 22 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan o‘yinlar haqida to‘xtalib o‘tamiz. Shu kuni “Neftchi” o‘z maydonida “Nasaf”ni qabul qiladi. “Qizilqum” esa “Navbahor” bilan raqobatlashadi.
“Neftchi” va “Nasaf” bahsi ham qizg‘in o‘tadi. Garchi “Nasaf” chempionlikni muddatidan avval hal qilgan bo‘lsa-da, ammo o‘tgan turdagi mag‘lubiyat alamini “Neftchi”dan olishga urinadi. Farg‘ona shahri klubi uchun ham g‘alaba suv va havodek zarur. Bu esa o‘yin qizg‘in o‘tishidan dalolat beradi.

“Qizilqum” va “Navbahor” bahsi ham keskin va murosasiz o‘tishiga shubha yo‘q. Sergey Lushchan jamoasi Superligani ikkinchi o‘rinda yakunlash uchun ochko yo‘qotishi kerak emasligini bilgan holda hujumkor o‘yin ko‘rsatishi sir emas. Biroq, “Qizilqum” nomdor raqiblarga qarshi qanday o‘ynashni biladigan jamoaligini unutmaslik lozim.
23 noyabr kungi uchrashuvlarni Toshkent derbisi boshlab beradi. Unda “Olimpik” – “Bunyodkor” bahsiga guvoh bo‘lamiz. Ligada jon saqlab qolish yo‘lida kurashayotgan bu ikki jamoa mazkur turda o‘zaro bir-biri bilan raqobatlashadi. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, bu bahsda mag‘lub jamoa katta ehtimol pley-offga qolib ketishi mumkin.

“Andijon” – “Dinamo” o‘yini andijonliklar uchun “Bobur arena”da joriy mavsumdagi so‘nggi uchrashuv bo‘ladi. Shu sababli “Andijon” muxlislar uchun chiroyli futbol namoyish etishga harakat qiladi.
Superliganing 25-turi so‘nggi kunida “Metallurg” – “Surxon” va “So‘g‘diyona” – “Lokomotiv” jamoalari bahs olib boradi.
Bu o‘yinlarning qiziq jihati shundaki, “Metallurg” va “Lokomotiv” bu mavsumni muvaffaqiyatsiz o‘tkazdi va jadvalning so‘nggi pog‘onalarida qoldi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ayni vaqtda Bekobod klubining natijalaridan kelib chiqib, ligadan tushib ketishi ko‘pchilik tomonidan ilgari surilmoqda. Jamoa hisobida 17 ochko bor va 13-o‘rindagi “Lokomotiv”dan 4 ochko ortda qolmoqda.
Ha, “Metallurg” va “Surxon” bahsidagi natija unchalik ahamiyatsiz bo‘lishi mumkin. Ammo “So‘g‘diyona” hamda “Lokomotiv” o‘yini qiziqarli o‘tadi. Chunki, “So‘g‘diyona” 40 ochko bilan uchinchi pog‘onada borayotgani va OKMK klubidan bor-yo‘g‘i bir ochko ortda qolgani bois “Lokomotiv” bilan o‘yinda faqat g‘alaba uchun maydonga tushishiga shubha yo‘q. Shu bois ham “So‘g‘diyona” ikkinchi o‘rin uchun kurashni, “Lokomotiv” esa Superligada jon saqlab qolish uchun raqobatni davom ettiradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA