Futbol har tomonlama rivojlanadi
Mamlakatimizda ma’naviy va jismoniy barkamol avlodni shakllantirish, millionlar o‘yini bo‘lgan va mamlakatimizda alohida o‘rin tutadigan sportning futbol turiga aholini, ayniqsa yoshlarni keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, iqtidorli yosh futbolchilarni tanlash, saralab olish (seleksiya) tizimi va futbol infratuzilmasini yanada rivojlantirish, futbol bo‘yicha sport maktablari faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish, soha mutaxassislarini tayyorlash va ularni moddiy rag‘batlantirish tizimini yaxshilash, o‘tkazilayotgan musobaqalar saviyasini yuksaltirish masalalari doimo e’tiborda.
Prezidentimizning 2023 yil 7 apreldagi “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori ham futbolning ommaviyligini yanada oshirish, istiqbolli va iqtidorli futbolchilarni tanlash hamda professional darajada tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish, trener (murabbiy) va hakamlarni xalqaro talablar asosida tayyorlash va mahoratini yuksaltirish, futbol infratuzilmasini yaxshilash hamda o‘rnatilgan standartlarga moslashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Qaror bilan futbolni yanada ommalashtirish va rivojlantirishning qo‘shimcha yo‘nalishlari belgilandi.
Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA)ning aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida futbolni yanada ommalashtirishga qaratilgan maxsus dasturlari asosida har yili mahalla yoshlari o‘rtasida, jumladan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Ommaviy futbol” (Grassroots) festival va musobaqalari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Maktablarda futbol”, oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Talabalar ligasi” respublika musobaqalari o‘tkaziladi.
Yoshlarning futbolga qiziqishini oshirish, bu boradagi targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish, ularning futbol bilan shug‘ullanishi uchun yetarli sharoitlar yaratiladi. Ayollar o‘rtasida futbolni rivojlantirish, bu borada uzoq yillarga mo‘ljallangan istiqbolli reja va dasturlar ishlab chiqiladi. Jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning futbol bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda ular o‘rtasida muntazam musobaqalar tashkil etiladi. Terma jamoalar va professional futbol klublari uchun sifatli sport zaxirasini yaratish, iqtidorli futbolchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya)ning raqamlashtirilgan tizimini joriy qilinadi. Futbol infratuzilmasini moddiy-texnik jihatdan yanada yaxshilanadi hamda xalqaro talablarga moslashtiriladi.
Futbol bo‘yicha malakali trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimi yanada takomillashadi, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqiladi.
Hududlarda futbol klublari, bolalar va o‘smirlar, ommaviy futbolni rivojlantirish maqsadida chet ellik mutaxassislar jalb etiladi. Bu borada xalqaro hamkorlik yanada kengaytiriladi. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda futbolni targ‘ib qilish hamda bu jarayonda yuqori darajali axborot va multimedia mahsulotlaridan foydalanish yanada kengaytiriladi.
Har yili O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mablag‘lari hisobidan mart-iyun oylarida mahalla yoshlari hamda qizlari o‘rtasida “Ommaviy futbol” dasturi doirasida futbol festivallari, 10 dekabr – Butunjahon futbol kuni munosabati bilan aholi o‘rtasida ommaviy “fleshmob” tadbirlari, sentyabr-may oylarida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Maktablarda futbol” dasturi doirasida futbol musobaqalari, mahorat saboqlari va festivallari o‘tkazib boriladi. Har yili sentyabr-may oylarida oliy ta’lim muassasalarida O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan “Talabalar ligasi” dasturi doirasida uch bosqichli respublika futbol musobaqalari o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, xalqaro tajribalarni o‘rganish va ularni olib kirish maqsadida Xorvatiya, Yaponiya va boshqa davlatlarning tajribasi o‘rganilib o‘zbek futboliga tatbiq etiladi. Bunda, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda hududiy bolalar-o‘smirlar futbol akademiyalarining “texnik direktor” lavozimiga xorijiy davlatlarning tajribasi va tizimini joriy qilish bo‘yicha malakali mutaxassislar jalb qilinadi.
Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA), Osiyo futbol konfederatsiyasi talablariga muvofiq futbol uchrashuvlarida adolat va shaffoflikni ta’minlash maqsadida VAR (Video Assistant Refereye, video yordamchi hakam) tizimidan foydalanish yanada kengaytiriladi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzuridagi Futbol bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash markazida futbol bo‘yicha “futbol tahlilchisi”, “futbol seletsioneri” (skaut), “futbol menejeri”, “futbol marketologi”, “futbol shifokori”, “futbol psixologi”, “sport farmakologi”, “sport diyetologi” kabi mutaxassislarni tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yilishi belgilab berildi.
2026 yil 1 aprelga qadar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, O‘zbekiston professional futbol ligasi, O‘zbekiston futbol hakamlari markazi, professional futbol klublari va akademiyalari belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatga asosan futbol bo‘yicha sport ob’ektlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari va texnologiyalari, inventarlari, texnikalar, farmakologiya mahsulotlari, sport ozuqalari, futbol (futzal) maydonlari uchun sun’iy o‘tlar, shokpad, granulalar, maxsus yelim va maxsus professional sport kiyimlari, maxsus texnika va transport vositalarini olib kirganlik uchun bojxona bojini to‘lashdan ozod qilindi.
Prezidentimizning mazkur qarori o‘zbek futbolini rivojlantirishda muhim dasturilamal bo‘ladi.
Anvar Sattorov,
Buxoro davlat universiteti
Sport faoliyati kafedrasi mudiri,
p.f.f.d (PhD), dotsent.
O‘zA