Futbol: Bugun O‘zbekiston kubogi final uchrashuvi o‘tkaziladi
Bugun, 29 oktyabr kuni Andijon shahridagi "Bobur Arena" stadionida futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogining final uchrashuvi tashkil etiladi. Unda "Buxoro" va "Paxtakor" klublari o‘zaro bahs olib boradi.
Mahalliy vaqt bilan soat 18:30 da boshlanadigan ushbu o‘yinda Nayim Qosimov bosh hakam sifatida faoliyat olib boradi. Unga qanotlarda Zufar Eliboyev va Farhod Usmonov yordam bersa, Timur To‘xtasinov zaxira hakami etib tayinlangan. Hakamlarni Baxtiyor Namozov nazorat qiladi. VAR bo‘yicha Asker Najafaliyev javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Unga Anvar Marajabov assistentlik qiladi. O‘yin komissari etib Jalolxon Inog‘omxo‘jayev tayinlangan.

Shu o‘rinda O‘zbekiston kubogi finali ishtirokchilariga oid bazi statistik ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etamiz.
Hozirgacha jamoalar kubokda 6 o‘yin o‘tkazishgan. Ulardan 4 tasida "Paxtakor", 2 tasida buxoroliklar zafar quchgan. 13 ta to‘p kiritgan "sherlar" 5 to‘p o‘tkazib yuborgan. 1996 yil guruhda 2:0, 2008 yil nimchorak finalda 2:0 va 6:3, 2009 yil chorak finalda 3:0 hisobida poytaxt klubi g‘olib bo‘lgan. 2016 yilgi bahslarda "Buxoro" 1:0 hisoblarida ustun kelgan.

"Paxtakor" 4 yillik tanaffusdan keyin yana final bahsida maydonga tushadi.
Mamlakat kubogida "Paxtakor" klubi o‘z tarixida 18-bor o‘ynayotgan bo‘lsa, “Buxoro” ushbu bosqichda ilk marotaba qatnashadi.
"Paxtakor" kubok finallarida eng ko‘p ishtirok etgan jamoa sanaladi. "Sherlar" shu kunga qadar o‘tgan 17 ta final uchrashuvlarining 13 tasida kubok sohibiga aylangan. Shuningdek, “Paxtakor” jamoasidan tashqari O‘zbekiston kubogida eng ko‘p g‘olib bo‘lgan klublar orasida "Bunyodkor", "Nasaf", "Neftchi" jamoalari bor.

Final bahslarida ketma-ket uchta to‘qnashuv "Paxtakor" va "Bunyodkor" o‘rtasida 2007, 2008 va 2009 yillarda, 2018, 2019 va 2020 yillarda esa "Paxtakor" va OKMK o‘rtasida o‘tkazilgan. Finallarda eng ko‘p kuzatilgan qarama-qarshilik "Paxtakor" va "Neftchi" to‘qnashuvi bo‘lgan. Bu jamoalar jami 5 marta O‘zbekiston kubogi finalida bahs olib borgan. "Paxtakor" - "Bunyodkor", "Paxtakor" - OKMK, "Paxtakor" - "Nasaf" va "Bunyodkor" - "Nasaf" esa uchtadan finallarda ro‘para kelgan.

Ketma-ket finallarda ishtirok etish bo‘yicha rekord "Paxtakor"ga tegishli. Toshkent shahrining bosh jamoasi 2001 yildan 2009 yilgacha 9 finalda qatorasiga maydonga tushgan. Ikkinchi natija "Bunyodkor"ga tegishli bo‘lib, bu klub 2007-2010 yillarda qatorasiga 4 finalda o‘ynagan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilgi O‘zbekiston kubogining finalida "Andijon" va "Navbahor" to‘qnash kelgan bo‘lib, unda “Andijon” 3:2 hisobida zafar quchgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA