Fuqaroning murojaati ijobiy hal etildi
Biroq komissiya tomonidan rad javob beriladi.
Buxoro viloyati Romitan tumanida yashovchi fuqaro R.S. oʻng yelka oʻrta qismi choʻltogʻidan ayrilib, jarohatlanganligi sababli 2011-yil iyul oyidan joriy yilning 15-yanvargacha boʻlgan davr uchun 2-guruh nogironligini belgilash boʻyicha 23-son Romitan tumanlararo tibbiy-mehnat ekspert komissiyasiga murojaat qiladi.
Biroq komissiya tomonidan rad javob beriladi. Murojaatchi berilgan javob xatidan norozi boʻlib, tuman adliya boʻlimiga ushbu masalani hal etishda amaliy yordam soʻraydi.
Adliya xodimlari tomonidan murojaat batafsil oʻrganib chiqiladi. Aniqlanishicha, murojaatchi R.S. 1998-yilda oʻng yelkasi oʻrta qismi choʻltogʻidan ayrilganligi sababli, Buxoro viloyat 2-sonli TMEKning maʼlumotnomasiga muvofiq 1999-yil 5-yanvardan 3-guruh umumiy kasallik bilan muddatsiz belgilangan.
– Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 1-iyuldagi “Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibini yana-da takomillashtirishga, nogironlikni va kasbiy mehnatga layoqat yoʻqotilishi darajasini aniqlashga yoʻnaltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida"gi 195-son qarori qabul qilingandan soʻng 2-guruh muddatsiz nogironlik belgilanishi lozim boʻlsada, tibbiyot muassasalarining va 23-son Romitan tumanlararo tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining eʼtiborsizligi oqibatida fuqaro R.S.ga 2020-yil 15-yanvarga qadar 2-guruh nogironligi belgilanmasdan kelinganligi aniqlandi, – deydi viloyat adliya boshqarmasi tashkiliy-nazorat va tahlil ishlari boʻlimi boshligʻi Bahodir Mansurov. – Holbuki, Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 8-avgustdagi 175-son qarori bilan tasdiqlangan “Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari toʻgʻrisida”gi nizomning 12-bandida tuman, tumanlararo, shahar va ixtisoslashtirilgan TMEKlar oʻzlariga yuklangan vazifalarga muvofiq mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda mayib boʻlgan yoki sogʻligʻi boshqacha tarzda shikastlangan xodimlarning kasbi boʻyicha mehnatga layoqatini yoʻqotganlik darajasini va qoʻshimcha yordam turlariga muhtojligini aniqlash, nogironlarni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturlarini ishlab chiqish, reabilitatsiya tadbirlarining turlari, shakllari, muddatlari va hajmlarini belgilash, davolash-profilaktika muassasalari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda dasturlarning bajarilishi holatini kuzatish, oʻtkazilgan reabilitatsiya tadbirlarining samaradorligini aniqlash, xizmat koʻrsatiladigan hududda nogironlikning ahvoli va oʻsishini oʻrganish va bosh TMEKga tegishli maʼlumotlar taqdim etish, aholi oʻrtasida tibbiy-mehnat ekspertizasi, nogironlikning oldini olish, nogironlarni tibbiy-ijtimoiy va kasb boʻyicha reabilitatsiya qilish masalalari boʻyicha tushuntirish ishlari olib borish funksiyalarini bajarishi belgilangan.
Shunga koʻra, tuman adliya boʻlimi tomonidan fuqaro R.S. buzilgan huquqini tiklash maqsadida 23-son Romitan tumanlararo tibbiy-mehnat ekspert komissiyasiga 2011-yil iyul oyidan nogironlikning 2-guruhini belgilash majburiyatini yuklatish boʻyicha Romitan tuman maʼmuriy sudiga ariza kiritildi va sudning qaroriga asosan fuqaro R.Sning murojaati ijobiy hal etildi.