Fuqarolarning mehnat huquqlari qonun himoyasida
Bugungi kunda inson hayoti, uning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan. Inson qadr-qimmatini samarali himoya qilish esa sudlarning asosiy vazifasidir.
Sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlar, eng avvalo, xalq manfaatlarini ko‘zlab, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashga, sudga nisbatan bo‘lgan ishonchning ortishiga, sud hokimiyati obro‘sini yanada oshirishga, uning haqiqiy mustaqillikka erishishiga qaratilgan.
Keyingi besh yilda sud hokimiyatini inson huquq va erkinliklarini amalda muhofaza qiluvchi chinakam mustaqil organga aylantirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bunda adolatli sud qarorlari qabul qilinishiga erishish orqali xalqning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, har bir shaxs sud va sudyalar siymosida o‘zining ishonchli himoyachisini ko‘rishiga erishishimiz muhimdir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga egaligi to‘g‘risidagi normalarning mavjudligi mehnat munosabatlaridan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishda sudlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.
Bunga faqatgina fuqarolar hamda tadbirkorlarga o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini sudlarda himoya qila olishi uchun barcha imkoniyatni yaratish, sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, sudlarning xolisligini amalda ta’minlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish orqali erishiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning 9 oyi davomida viloyatda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan mehnat munosabatlariga doir 10 ming 971 ta ish ko‘rilgan bo‘lib, ularning 7 ming 263 tasi qanoatlantirilgan, 1 ming 376 tasi rad qilingan, 2 mingtasi ko‘rmasdan qoldirilgan, 332 tasi ish yuritishdan tugatilgan.
Yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, mehnat munosabatlariga oid nizolar yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Bu esa ish beruvchilar tomonidan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik normalariga to‘liq rioya etilmayotganligidan dalolat beradi.
2022 yil 28 oktyabrda “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonuni imzolangan edi. 1995 yildagi birinchi tahrirdagi Mehnat kodeksidan farqli ravishda, yangi Mehnat kodeksida majburiy mehnatni taqiqlash, xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslik kabilar asosiy prinsip etib belgilandi.
Yangi Mehnat kodeksining qabul qilinishi munosabati bilan sud amaliyotida mehnat munosabatlaridan kelib chiqadigan fuqarolik ishlarini ko‘rish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarning yechimini topish va bir xildagi sud amaliyotini shakllantirish maqsadida eski tahrirdagi Oliy sud Plenumining “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakt)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanishi haqida”gi 1998 yil 17 apreldagi qarorini qayta ko‘rib chiqish zaruriyati tug‘ildi.
Natijada joriy yil 20 noyabrda yangi tahrirdagi Oliy sud Plenumining “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakt)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanishi haqida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur Plenum qarorida mehnat qonunchiligi normalarini amalda qo‘llashning turli jihatlari ko‘rsatib o‘tilgan.
Eski tahrirdagi Mehnat kodeksida ishga tiklash nizolari bo‘yicha xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani haqidagi buyruqning nusxasi berilgan kundan boshlab bir oy muddat belgilangan bo‘lsa, yangi Mehnat kodeksida ushbu muddat uch oy etib belgilandi.
Shu munosabat bilan Plenum qarorida mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni xodim yo‘q bo‘lganligi yoki hujjatlarni olishni rad etganligi munosabati bilan unga mehnat daftarchasini yoxud elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmani hamda mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini berish shartlari belgilandi.
Sud amaliyotida mehnat shartnomasini bekor qilishda eski tahrirdagi Mehnat kodeksining 97-moddasi (taraflarning kelishuvi bilan) va 99-moddasi (xodimning tashabbusi bilan) qayd etilgan normalar yuzasidan ko‘plab nizolar kelib chiqardi. Shu sababli yangi Mehnat kodeksiga mehnat shartnomasini taraflarning kelishuvi bilan bekor qilishda taraflarning kelishuvi mehnat shartnomasiga doir qo‘shimcha kelishuv bilan yozma shaklda rasmiylashtirilishi, unda mehnat shartnomasi bekor qilinadigan sana, qo‘shimcha kelishuv tuzilgan sana va taraflarning rekvizitlari ko‘rsatilishi shartligi haqida yangi norma kiritildi.Shuningdek, Plenum qarorida yangi Mehnat kodeksidagi dastlabki sinov muddatlari muddatlari yuzasidan kiritilgan o‘zgarishlar haqida tushuntirishlar berilgan.
Xulosa qilib aytganda, qabul qilingan mazkur Plenum qarori ayni vaqtdagi yagona sud amaliyotini shakllantirish hamda ish beruvchi va xodimlarning qonuniy huquq va manfaatlarini sud orqali himoya qilishda muhim ko‘rsatma bo‘lib xizmat qiladi.
Gulnafis Xudoyberdiyeva,
Navoiy viloyati sudi sudyasi.
O‘zA