Fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklandi
Shartnoma deganda, avvalo, nafaqat yuridik fakt, balki moddiy, nomoddiy manfaatlar to‘g‘risidagi huquqiy munosabat, tomonlarning o‘zaro kelishuvini aks ettiruvchi hujjat tushuniladi. Demak, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar yoki tadbirkorlik faoliyatini yurituvchi fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlar qonunlar bilan bir qatorda shartnomalar orqali ham tartibga solinadi.
Shartnomaning mukammalligi uning taraflar manfaatlari doirasida ekanligi, amaldagi qonun hujjatlarga muvofiq kelishi, yuridik jihatdan mustahkam himoyaga ega bo‘lishiga bog‘liq. Shuningdek, tomonlar o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlarining bajarilishi muhim hisoblanadi. Agarda shartnoma shartlari o‘z vaqtida bajarilmasa-chi?
Ayrim tadbirkorlar tomonidan tuzilgan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik holatlariga yo‘l qo‘yilmoqda.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudining 2021 yil 3 fevraldagi va Uchquduq tuman sudining 2021 yil 10 martdagi “Uchquduq qimiz” MCHJga nisbatan shartnomaga yetkazilgan zararni undirish haqidagi ijro hujjatlariga asosan, fuqaro E.Usmonov foydasiga qariyb 27 million 767 ming so‘m, I.Baxronova va M.Xapizov foydasiga qariyb 29 million 323 ming so‘m, A.Primov foydasiga 36 million 108 ming so‘m va A.Xolov foydasiga 33 million 722 so‘m undirish belgilangan.
Mazkur ijro hujjatlari byuroning Uchquduq tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qaror nusxalari tomonlarga yuborilgan.
Hujjat bo‘yicha qarzdorlikni undirish maqsadida qarzdor “Uchquduq-qimiz” MCHJga tegishli davlat raqami 85 410 ZAA avtobus borligi aniqlanib, ushbu transport vositasini topish imkoni bo‘lmaganligi sababli 2021 yil 14 oktyabrda qidiruv e’lon qilingan edi. Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida avtobus topilib, jarima maydonchasiga keltirildi va mavjud qarzdorlik summalari to‘liq undirilib, 5 nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA