Fuqarolar nomzodlarga ishonch bilan ovoz bermoqda
Sergeli tumanidagi “Yorqin hayot” mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli 426-saylov uchastkasida 12:00 ga qadar roʻyxatga olingan 955 saylovchining 450 nafarga yaqini oʻzi munosib bilgan nomzodga ovoz bergan.
Sergeli tumanidagi “Yorqin hayot” mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli 426-saylov uchastkasida 12:00 ga qadar roʻyxatga olingan 955 saylovchining 450 nafarga yaqini oʻzi munosib bilgan nomzodga ovoz bergan.
– Erta tongdan fuqarolarimiz saylov huquqidan foydalanib, oʻzi munosib koʻrgan nomzodlarga ovoz bermoqda, – dedi mazkur uchastka saylov komissiyasi raisi Dilnoza Turdibakirova. – 30 dan ziyod saylovchimiz birinchi marta ovoz bermoqda. 5 saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi. Bemor, keksa va turli sabablar bilan saylov uchastkasiga kelolmagan fuqarolarning uyiga borib, ovoz berishlari taʼminlanadi.

Bu yilgi saylovlarning “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida oʻtayotgani odamlarga yangi ruh bagʻishlamoqda. Fuqarolarning huquqiy bilimi oshib, siyosiy jarayonlarda faol ishtiroki sezilmoqda. Oʻz fuqarolik pozitsiyasini emin-erkin bildirish imkoniga ega. Biz saylov kampaniyasi boshlangandan keyin targʻibot-tashviqot, tushuntirish ishlarini faol olib bordik. Fuqarolar nomzodlarga koʻr-koʻrona emas, ishonch bilan ovoz berishmoqda.
– Saylovlarda koʻp ishtirok etganman. Toʻgʻrisini aytsam, bu yilgi saylovlar avvalgilaridan farq qiladi, – dedi Zokirjon Burxonov. – Saylovlarning ochiq, shaffof oʻtishi bizga bogʻliq. Shu sababli, oila aʼzolarimni olib keldim. “Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyiliga amal qilgan holda har birimiz oʻzimiz munosib koʻrgan nomzodga ovoz berdik. Albatta, deputatlikka munosib nomzodni tanlash jamiyat ravnaqi, xalq farovonligini oshirishga qoʻshgan hissamiz boʻladi.