Fuqaroga yetkazilgan zarar undirildi
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida fuqaro avtomashina boshqarish huquqi bo‘lmasada, o‘ziga tegishli “Malibu” rusumli avtomashinada harakatlanib, “Yo‘l bering” belgisiga amal qilmasdan, asosiy yo‘lda kelayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina bilan to‘qnashgan. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida “Kobalt” avtomashinasi shikastlanib, fuqaroga moddiy zarar yetkazilgan.
Yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha to‘plangan ma’muriy ish hujjatlari Jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tumani sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, huquqbuzarga bazaviy hisoblashning 5 baravari miqdorida jarima tayinlangan hamda jabrlanuvchiga yetkazilgan 22.359.823 so‘m miqdordagi moddiy zararni undirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan.
Mazkur sud hujjati Majburiy Byuroning Shofirkon tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan hamda ijro harakatlariga kirishilgan. Ijro harakatlari davomida taraflarga ijro hujjatining mazmun mohiyati va huquqiy oqibatlari tushuntirilib, qarzdorlikni bartaraf etish uchun qarzdorga ixtiyoriy muddat berilgan.
Biroq, qarzdor berilgan imkoniyatdan foydalanmay talablarni belgilangan muddatda bajarmagan. Shundan so‘ng, qarzdorning mulkiy ahvoli “MIB-Portal” elektron dasturi orqali o‘rganilgan va uning nomida bo‘lgan barcha mol-mulklarga taqiq qo‘yilgan.
Bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida sud hujjatida belgilangan qarzdor tomonidan undiruvchi foydasiga to‘lanishi lozim bo‘lgan moddiy zarar hamda ma’muriy jarima va boshqa xarajatlar to‘liq undirilib, ijro hujjati ish yurituvdan amalda tamomlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri