“Frontdan maktublar” albom-katalogi nashr etildi
Xotira va qadrlash kuni oldidan Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tomonidan “Frontdan maktublar” nomli albom-katolog tayyorlandi.
Undan muzey-qo‘riqxonaning hujjatlar fondida saqlanayotgan turli millatga mansub insonlar tomonidan, turli tillarda yozilgan 80 dan ortiq maktub joy olgan.
– Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasining hujjatlar fondi XIX asrning oxiridan shakllana boshlagan, – deydi muzey-qo‘riqxona ilmiy xodimi Sh.Sattarov. – Ushbu fondda shaxsiy hujjatlar, varaqalar, afishalar, gazetalar, qo‘lyozma hujjatlar, xaritalar, XIX asr oxiri va XX asr boshlariga oid fotoalbomlar, fotosuratlardan iborat jami 38 mingdan ortiq ashyolar ro‘yxatga olingan. Fondning shaxsiy hujjatlar jamlanmasi 9511 ming saqlov birligidan iborat.

Bu yerda Abdulla Qahhor, Mirtemir, Asqad Muxtor kabi yozuvchilarning shaxsiy hujjatlari ham mavjud. Shaxsiy hujjatlar jamlanmasida Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq ashyolar talaygina. Ularning ichida front maktublari alohida qiziqish uyg‘otadi.
Ushbu maktublar Samarqand muzeyi fondiga turli yillarda qabul qilingan. Masalan, Ikkinchi jahon urush qatnashchisi Rasul Usmonovning shaxsiy hujjatlari 1979 yilda Toshpo‘lot Usmonov tomonidan topshirilgan. 1922 yilda tug‘ilgan G. Xodasevich (Gazaryan)ning shaxsiy hujjatlari 1985 yilda hujjatlar fondiga uning o‘zi tomonidan taqdim etilgan.

Katalogdan o‘rin olgan maktublar urush qatnashchilari va ularning yaqinlari, oila a’zolarining shaxsiy yozishmalari bo‘lsa-da ularda bayon etilgan fikrlar o‘sha davr to‘g‘risida tasavvurimizni boyitish hamda eng muhimi, tinchlik-osoyishtalikning qadri yetib yashashga da’vat etadi.

G‘.HASANOV, O‘zA