Fransiyada o‘t o‘chiruvchilar resurs va xodimlarni ko‘paytirishni talab qilmoqda
Fransiya o‘t o‘chiruvchilar kasaba uyushmalari chaqiriqlar soni ortgani hamda yirik o‘rmon yong‘inlari avj olgani fonida xodimlar va resurslarni ko‘paytirishni talab qilib, umummilliy safarbarlik e’lon qildi.
Xabarga ko‘ra, yong‘in va qutqaruv xizmatining to‘qqizta kasaba uyushmasi mamlakat ichki ishlar vaziri Loran Nunes bilan uchrashgan, biroq sohani moliyalashtirish va fuqarolik xavfsizligini modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlov yo‘qligidan norozi bo‘lishgan.
Kasaba uyushmalari vakili Ksave Boyning ta’kidlashicha, vazirdan strategiya yoki qonun loyihasi mazmuni bo‘yicha aniq javob olinmagan. Shu sababli, kasaba uyushmalari davlat xizmatchilarining umummilliy harakati doirasida sentabr oyida faol safarbarlik o‘tkazishini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, soha mutaxassislari 26-28-sentabr kunlari Parijning Respublika maydonida norozilik namoyishlarini ham o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Namoyishchilarning asosiy talablari — qutqaruv xizmatlari resurslarini ko‘paytirish, 21 mingta yangi ish o‘rni yaratish orqali xodimlarni ommaviy ravishda ishga qabul qilish va fuqarolik xavfsizligini modernizatsiya qilishga qaratilgan qonunni zudlik bilan qabul qilishdan iborat.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA