Fransiyada Mirzo Ulug‘bek haykali o‘rnatildi
Mirzo Ulug‘bek – buyuk astronom va matematik, o‘z davrining atoqli allomasi, davlat arbobi, hukmdor va sohibqiron Amir Temurning nabirasi.
Yoshligida Mirzo Ulug‘bek matematika va astronomiyaga katta qiziqish bildiradi. Uning aqliy dunyoqarashi kengayishida otasi va bobosi to‘plagan boy kutubxona zamin bo‘lgan.
Ulug‘bek davrida Samarqand o‘rta asrlar davridagi ilm-fan o‘choqlaridan biriga aylangan. 1420 yilda Registonda barpo etilgan birinchi me’moriy ansambl – Ulug‘bek qurdirgan madrasa edi. Ushbu madrasaga Ulug‘bek islom olamining ko‘plab astronom va matematiklarini taklif etadi.
Mirzo Ulug‘bek astronomiya sohasida yaratgan boy tajriba butun dunyodagi astronom olimlar uchun ilm bulog‘i ekani shubhasiz.
Yaqinda Fransiyaning Tuluza shahrida joylashgan Fuqarolik aviatsiyasi milliy maktabi hududida Mirzo Ulug‘bek haykali o‘rnatildi. Ushbu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Samarqand viloyati delegatsiyasi ishtirok etdi. Mazkur san’at asari narpaylik haykaltarosh Umrzoq Sharipov tomonidan yaratilgan.
O‘zA