Forishliklar uchun munosib to‘yona
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligi bayrami arafasida Jizzax viloyatining Forish tumani “Egizbuloq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yangidan barpo etilgan “Jizzax sement” zavodining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Sement ishlab chiqarish” loyihasining foydalanishga topshirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu marosimda Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev so‘zga chiqib, barcha tadbir ishtirokchilarini eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqilligimizning 33 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi.
Tadbirda so‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, chet el investitsiyasini jalb qilish orqali qo‘shimcha qiymat yaratish borasida ulkan islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Joriy yilning 20 avgust kuni davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida mamlakatimiz ishbilarmon doira vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazib,tadbirkorlikni yanada rivojlantirish,biznes muhitini yaxshilash borasida muhim asosiy yo‘nalishlarni belgilab berdi.
– Bugungi kunda Forish nafaqat viloyatimizda, balki mamlakatimizda ham sanoatlashgan tumanga aylanib bormoqda, – dedi Jizzax viloyati hokimi o‘z so‘zida. – Ayni paytda ushbu hududda“Egizbuloq” sanoat zonasi tashkil etilib, sanoat korxonalarini zarur infratuzilma bilan ta’minlash borasida amaliy ishlarga alohida e’tibor qaratilgan.Tumanda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va investorlar mablag‘lari hisobidan bir qancha zamonaviy sanoat korxonalari bunyod etilayotganini ham alohida ta’kidlab o‘tish kerak.
[gallery-18892]
Ushbu yangi sement ishlab chiqarish loyihasining qiymati 150 million AQSH dollarini tashkil etib, korxona to‘liq ishga tushgach, yiligi 2 million tonna yuqori sifatli, eksportbob sement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, 450 nafar yangi ish o‘rini yaratiladi.
Mazkur loyihada dunyoning eng so‘nggi ilg‘or energiya tejamkor texnologiyalari hisoblangan, ya’ni ishlab chiqarish liniyasida yuqori haroratli pechdan atmosferaga ajralib chiqadigan issiqlik va zararli gazlarni qayta ishlovchi – “WHR – Waste Haed Recovery sistems” tizimi o‘rnatilganini ham alohida ta’kidlab o‘tish lozim.Bu esa o‘z navbatida, ishlab chiqarish zavodining ekologiya va atrof-muhitga salbiy ta’siri oldini olish uchun xizmat qilishiga hamda elektr energiyasi sarfini 30-35 foizga qisqartirishga erishilganidan dalolatdir. Zavod – ichki va tashqi bozorlarni raqobatbardosh va hamyonbop sement mahsulotlari bilan ta’minlashga ko‘p yillar xizmat qilishi, shubhasiz.
Bugun ushbu loyihada qurilish ishlari yakunlanib, asbob-uskunalar to‘liq olib kelib o‘rnatilgan va loyiha doirasida 450 va 500 markali yuqori sifatli sement mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida Forishda bunday yirik sanoat korxonasining ishga tushgani xalqimiz uchun mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi to‘yiga ajoyib to‘yona bo‘ldi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tantanali ochilish marosimida mehnat faxriylari, viloyat va Forish tumani hokimligi, sektorlar, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, jamoatchilik va ommaviy axborot vochitalarining vakillari ishtirok etdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari