Firibgarning rejasi amalga oshmadi
Buxoroda firibgarlik jinoyati fosh etildi. Bu haqida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
IIV SHXBB Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor profilaktik tadbir o‘tkazildi. Unda fuqaro O.T. o‘zganing mulkini aldash yoki ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan talon-taroj qilganligi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, Jondor tumani “Sho‘robod” mahalla fuqarolar yig‘ini Yangihayot qishlog‘i hududida joylashgan “Nastarin” restorani oldida tanishi fuqaro O.Sh. ning boshqa bir tanishi fuqaro X.B. ga tegishli bo‘lgan “VAZ-2106” rusumli avtomashinaning transport vositasini qayd etish guvohnomasidagi dvigatel raqamini raqamsiz qilib berishni va’da qiladi. Uni aldab ishonchiga kirib fuqaro O.Sh. dan kimyoviy ishlov berilgan 3 million so‘m miqdoridagi pullarni olish vaqtida qo‘lga olinadi.
Bundan tashqari, u o‘zining jinoiy harakatlarini takroran davom ettirib, IIV SHXBB Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda yuqoridagi manzil oldida fuqaro M.X. ga haydovchilik guvohnomasi olish uchun bo‘lib o‘tadigan nazariy va amaliy imtihondan o‘tkazib berishni va’da qiladi. Uning ham ishonchiga kirib, undan kimyoviy ishlov berilgan 200 AQSH dollarini olish vaqtida tegishli tartibda qo‘lga olinadi.
Mazkur holatlar yuzasidan fuqaro O.T. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA