Firibgarlikning navbatdagi qurbonlari
Xorijda ishlash orzusi ko‘plab yurtdoshlarimiz uchun munosib daromad topish va oilasi farovonligini ta’minlash imkoniyati sifatida qaraladi. Biroq ana shu orzu va ishonchdan o‘z manfaati yo‘lida foydalanadigan firibgarlar ham uchrab turibdi. Ular turli yolg‘on va’dalar, soxta tanish-bilishlar va ishonchli ko‘rinadigan gaplar orqali odamlarning mablag‘larini qo‘lga kiritishga urinmoqda. Bu esa fuqarolardan har qanday taklifga ishonib ketmasdan, uning qonuniyligini sinchiklab tekshirishni talab etadi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida ana shunday navbatdagi firibgarlik holati fosh etildi.
Aniqlanishicha, fuqaro B.R. uch nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Germaniyaga ishga yuborishini va’da qilgan. U o‘zini go‘yoki ko‘p yillardan buyon Germaniyada mehnat qilib kelayotgan, yuqori lavozimlarda faoliyat yurituvchi tanishlari orqali ishga joylashtirish imkoniyatiga ega shaxs sifatida tanishtirgan. Ana shu soxta va’dalar va ishonch uyg‘otuvchi gaplar orqali u jabrlanuvchilardan jami 19 ming 800 AQSH dollari hamda 2 million so‘m mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur holat atroflicha o‘rganilib, unga huquqiy baho berildi. Hozirgi kunda ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berishga dalolat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Bu voqea yana bir bor shuni ko‘rsatadiki, xorijda ishlash bilan bog‘liq masalalarda faqat rasmiy va litsenziyaga ega tashkilotlar xizmatidan foydalanish zarur. Katta daromad va tezkor ishga joylashtirish haqidagi jozibali va’dalar ortida ko‘pincha firibgarlik yashiringan bo‘lishi mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri