Firibgarlarning rejasi amalga oshmadi
Noqonuniy yer savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar endi qonun oldida javob beradi. Bu haqida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, Buxoro shahar R.Hamroyev mahallasida yashovchi 1954 yilda tug‘ilgan fuqaro S.Q. o‘zganing mulkini aldash yoki ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish maqsadida 2023 yilning yanvar oyida tanishi Buxoro tumani Rabot mahallasida yashovchi 1963 yilda tug‘ilgan fuqaro T.B. bilan o‘zaro jinoiy til biriktiradi.
Natijada bir guruhga birlashib, Buxoro tumani Arabxona mahallasida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro H.A. bilan Kogon tumani Guliston massivi hududida uchrashadi. Mazkur hududda joylashgan aslida o‘ziga tegishli bo‘lmagan, biror hujjatlarsiz, egalik huquqi bo‘lmagan holatda foydalanib kelayotgan 3 gektar suv havzasi va 7 gektar beda ekilgan yer maydonini o‘ziga tegishli ekanligini aytib, 4 ming AQSH dollari evaziga fuqaro H.A. nomiga qonuniy hujjatlarni rasmiylashtirib berishini aytadi. Uni aldab, kelishilgan pullardan 1.000 AQSH dollarini olib o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib, firibgarlik jinoyatini sodir qiladi.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 168-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA