Firibgarlar faoliyatiga chek qo‘yildi
Firibgarlar guruhi qo‘lga olindi. Bu haqida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro shahar Bahouddin Naqshband mahallasida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.Sh. ismli ayol aldash va ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mol-mulkini qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. Natijada tanishlari 1996 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.Q. va 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.M.lar bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘ladi.
2022 yilda fuqaro G‘.N. tomonidan ATIB “Kapitalbank” Toshkent shahar filialidan “Lasetti” rusumli avtomashinani kreditga olinganligini va taqiqda turganligini oldindan bila turib, ushbu avtomashinani 2023 yil 17 yanvar kuni Buxoro shahar “A.Somiy” ko‘chasida P.Sh. ismli fuqaroga 3.900 AQSH dollari evaziga sotib, ushbu pullarni o‘z ehtiyojlari yo‘lida sarflaydi. Belgilangan muddat ichida avtomashinani rasmiylashtirib bermasdan, firibgarlik jinoyatini sodir qiladi.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Hozirgi kunda ushbu jinoiy guruhning boshqa xuddi shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA