Finlyandiyalik o‘qituvchi Zarafshondagi maktabda dars bermoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirishda ilg‘or xorijiy tajribalarni, xususan, Finlyandiya ta’lim tizimini o‘rganish va mamlakatimizda joriy etish bo‘yicha belgilab bergan vazifalari ijrosini ta’minlash maqsadida ushbu davlat bilan hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, ikki tomonlama hamkorlik natijasi o‘laroq, Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi 1-son umumta’lim maktabida finlyandiyalik o‘qituvchi Elisa Milyana Ladenperaga xonim 15 nafar o‘quvchiga fin tilidan saboq berib kelmoqda.
Joriy yilning 10 aprel kuni Zarafshon shahrida bo‘lgan finlyandiyalik investorlari va Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari maktabdagi fin tili darsini kuzatishdi va o‘quvchilarning jarayon bo‘yicha fikrlari bilan qiziqdi.
Qayd etish lozim, ushbu o‘quvchilar kelajakda akademik litseydagi ta’limni Finlyandiyada davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 17 dekabrida Finlyandiyaning Lappeyenranta shahri va Navoiy viloyati o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi. Unga ko‘ra, Navoiy viloyatidan 9-sinf bitiruvchi o‘quvchilari Lappeyenranta shahrida 3 yil davomida o‘qish imkoniyatiga bo‘ldi.
Finlyandiya tomoni har bir o‘quvchining mamlakatda yashashi, ovqatlanishi va o‘qishi uchun grant ajratadi. Shuningdek, 2021 yil mart oyidan Zarafshonda fin tilini xorijiy til sifatida o‘qitish uchun Finlyandiyalik o‘qituvchilar o‘z faoliyatini boshladi.