Finlyandiya yadroviy siyosatda tarixiy burilish qildi
Finlyandiya parlamenti mamlakat xavfsizlik siyosati uchun muhim ahamiyatga ega qonun loyihasini ma’qulladi. Yangi tartibga ko‘ra, davlat hududiga yadroviy qurolni kiritish, tashish yoki harbiy ehtiyoj doirasida joylashtirishga oid cheklov yumshatilmoqda. Shu tariqa Xelsinki o‘nlab yil davomida amal qilgan qat’iy taqiqdan voz kechish yo‘lini tanladi. Hujjat kuchga kirishi uchun endi Prezident tasdig‘i talab etiladi.
Mazkur qaror tasodifiy emas. Finlyandiya 2023-yil NATOga a’zo bo‘lgach, mudofaa siyosatida tub o‘zgarish qila boshladi. Alyans xavfsizlik tizimining muhim qismi hisoblangan yadroviy tiyib turish mexanizmi a’zo davlatlar umumiy himoya tizimiga kiradi. Ya’ni, raqibning ehtimoliy hujumini qaytarish uchun yadroviy salohiyatdan ogohlantiruvchi omil sifatida foydalanish mumkin.
Qonun loyihasi parlamentda turlicha qabul qilindi. Bir guruh deputatlar yangi sharoitda mamlakat xavfsizligini mustahkamlash uchun bu qadam zarurligini ta’kidladi. Tanqidchilar esa Finlyandiyaning ko‘p yillik yadroviy qurolga qarshi siyosati ahamiyatini yo‘qotmasligi kerakligini aytmoqda. Shu bois hujjat atrofidagi muhokama so‘nggi oylarda mamlakat siyosiy hayotining asosiy mavzusiga aylandi.
Kuzatuvchilar fikricha, mazkur holat nafaqat Finlyandiya, balki butun Yevropa xavfsizlik muhitidagi o‘zgarishni ifodalaydi. Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib borayotgan bir payt qit’aning qator davlatlari mudofaa strategiyasini qayta ko‘rib chiqmoqda. Xelsinkining bu qadami ham ayni jarayonning bir qismi sifatida baholanmoqda. Shu tariqa harbiy qo‘shilmaslik siyosati bilan tanilgan Finlyandiya NATOning to‘liq xavfsizlik tizimiga integratsiyalashuv yo‘lida yana bir muhim bosqichga o‘tdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA