Fikr erkinligi sudya faoliyatida eng muhim omil
Mustaqil O‘zbekiston taraqqiyotiga huquqiy asos bo‘lgan konstitutsiyamiz 32 yoshga to‘lmoqda. O‘tgan 2023 yil mamlakatimiz tarixida ulkan voqelik – konstitutsiyaviy islohot yili sifatida muhrlandi. Ya’ni, O‘zbekiston konstitutsiyasi yangi tahrirda qabul qilindi.
Qomusimizning 136-moddasida sudyalar mustaqilligi kafolati quyidagi mazmunda mustahkamlangan:
Sudyalar mustaqil bo‘lib, faqat Konstitutsiya va qonunga bo‘ysunadilar. Ularning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga hech qanday tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish, qonunga muvofiq, javobgarlikka sabab bo‘ladi. Sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmaydi.
Sudyalarning ma’naviy mustaqilligi ham muhim masala. O‘z navbatida, sudya odob va axloqning umume’tirof etilgan qoidalariga amal qilishi, har qanday vaziyatda haqiqatparvar bo‘lishi, sud hokimiyatining nufuzini tushiradigan yoki xolisligi, mustaqilligi va beg‘arazligiga shubha tug‘dirishi mumkin bo‘lgan hatti-harakatdan o‘zini tiyishi shart. Zero, sudyaning odil sudlov bilan bog‘liq faoliyati, shuningdek xizmatdan tashqari holatda jamiyatda o‘zini tutishi jamoatchilikning doimiy diqqat-e’tiborida bo‘lgani bois, sudya hatti-harakatida kuzatiladigan nojoiz holatlar jamoatchilikning sud hokimiyatiga ishonchini susaytiradi. Shunday ekan, sudya avvalo, o‘zida barcha insoniy fazilatlarni mujassamlishtirgan holda, jamiyatda odil sudlov malakali, mustaqil, xolis va adolatli sud tomonidan amalga oshirilayotganiga nisbatan ishonchni mustahkamlashga ko‘maklashishi shart.
Shuningdek, sudyalar o‘z kasbiy mustaqilligi yo‘lida tinimsiz izlanishi zarur. Fikr erkinligi sudyaning mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi. Mustaqil sudya xolis va adolatli qaror qabul qilishi uchun kasbiy faoliyati doirasida fikr-mulohazasini erkin ifoda eta olishi lozim. Ya’ni, sudyalar doimo o‘rganishdan, ilmiy, ma’rifiy asarlar o‘qishdan to‘xtab qolmasliklari kerak. Xorijiy hamkasblari yutuqlarini o‘rganishi, tahlil qilishi va joiz bo‘lsa, o‘z amaliyotiga singdirishi shart.
Xullas, sudyalar mustaqilligi Konstitutsiyamizning bir necha moddasi va boshqa qonunlar asosida kafolatlab qo‘yilgan. Binobarin, bunday huquq jamiyatimizdagi aksar kasb egalarida yo‘q. Shu bilan birga, kasbiy faoliyati nuqtai nazaridan, sudya odillik, xolislik va mustaqillik tamoyiliga rioya qilish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlarga ham ega. Demak, sudya fikr va so‘z erkinligi huquqidan foydalanishda sud-huquq tizimiga ishonchini susaytirmasligi, mustaqillik va xolislikni ta’minlash uchun muayyan cheklov va yuqori xulq-atvor standartiga rioya qilishi talab qilinadi.
Fazliddin Yodgorov,
Toshkent shahri sudining
iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi