Fidokorona mehnatlar e’tirofi
Samarqand viloyat hokimligida Prezidentimizning tegishli farmonlariga muvofiq Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan yurtdoshlarimizga ushbu mukofotlarni tantanali topshirish marosimi o‘tkazildi.
Faollar va jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev so‘zga chiqib, davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida fidokorona mehnat qilib, yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligiga beqiyos hissa qo‘shayotgan va shu xizmatlari tufayli davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan samarqandliklarni tabrikladi.
– Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligida, xalqimiz turmush farovonligi, hududlar obodligini ta’minlashda har biringizning munosib hissangiz bor, – dedi Adiz Boboyev. – Sanoat, qurilish, xizmatlar ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, ta’lim va boshqa ijtimoiy sohalarning izchil rivojlanishida fidoyilik ko‘rsatmoqdasiz. Ana shu jonkuyarligingiz bugun eng ulug‘, eng aziz bayramimizda hurmatli Prezidentimiz tomonidan e’tirof etildi, qadr topdi. Bunday e’tibor va ishonch bilan sizlarni tabriklab, kelgusi ishlaringizda ham omad tilayman.
Marosimda Adiz Boboyev Prezidentimiz nomidan davlat mukofotlarini o‘z egalariga topshirdi.
O‘z navbatida mukofotlanganlar so‘zga chiqib, yurtimizda inson qadrini ulug‘lash borasidagi islohotlar tufayli davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlari uchun minnatdorlik bildirdilar.
[gallery-25032]
– Mehnat faoliyatimni boshlaganimga 60 yildan oshdi, boshqaruv idoralarida, jamoat tashkilotlarida mehnat qildim, – deydi Xalq demokratik partiyasi Paxtachi tumani kengashi raisi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Ismat Sanayev. – Bugun ham hayotiy tajribam, bilim va ko‘nikmalarimni yoshlargi o‘rgatib, jamiyat hayotida faol bo‘lishga harakat qilyapman. Badiiy ijod bilan shug‘ullanib, bir nechta nasriy va nazmiy kitoblarimni chop ettirdim. Kamtarona xizmatlarim Prezidentimiz tomonidan e’tirof etilib, yuksak davlat mukofoti bilan taqdirlanganimdan boshim ko‘kka yetdi. Bundan buyon ham davlatimiz taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilishni o‘zim uchun sharaf deb bilaman.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari