Fidokorona mehnat e’tirofi
Samarqandda Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev 70 yoshga to‘lishi munosabati bilan ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbir avvalida viloyat hokimi E.Turdimov so‘zga chiqib, Farmon Toshevni tabrikladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Faxriy yorlig‘ini topshirdi.
– Samarqand ma’naviy muhitini Farmon Toshevsiz tasavvur qilish qiyin, – dedi E.Turdimov. – U kishi bugun nafaqat ijodkor, balki deputat, senator sifatida jamiyat hayotida faol ishtirok etib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Bu xizmatlari uchun “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” ordenlari, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Davlatimiz rahbarining Faxriy yorlig‘i ijodkorning ana shu xizmatlarning yana bir e’tirofidir.
[gallery-16829]
“Nuroniy”jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi direktori Abdusaid Ko‘chimov, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov ham ijodkor haqida iliq fikrlarni bildirdi.
– Keyingi yillarda jamiyat hayotida ommaviy axborot vositalarining o‘rni nihoyatda oshdi, – deydi Oliy Majlis Senati a’zosi Mahmudjon Parpiyev. – Ayniqsa, davlat boshqaruvi organlari ochiqligini ta’minlash, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda mazkur sohaning roli kengayib bormoqda. Parlament yuqori palatasida Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi tashkil etilishi ham jamiyatimizdagi ana shu o‘zgarishlar natijasidir. Farmon Toshev avvalo jurnalist sifatida mazkur qo‘mita ishida faol ishtirok etmoqda. Sohaga oid qonun va boshqa hujjatlarni qabul qilishda shu soha vakili sifatida asosli takliflar, fikrlar beradi.
Shuningdek, tadbirda Samarqand adabiy muhiti va jurnalistika maktabi an’analari hamda uning bugungi holati to‘g‘risida so‘z bordi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari, shoir Nodir Jonuzoq, ma’rifatparvar alloma Saidrizo Alizodaning nabirasi Farhod Alizoda bu borada Farmon Toshev faoliyati va u rahbarlik qilayotgan “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalarining o‘rniga to‘xtaldi.
Tadbir doirasida ijodkorning yaqinda chop etilgan “Mezon” nomli asari taqdimoti o‘tkazildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari