Fidoiylik va mashaqqatli mehnat e’tirofi
Mamlakatimizdagi ta’lim sohasiga e’tibor, islohotlarning tizimli amalga oshirilishi soha xodimlarining yutuqlarga erishishi, o‘z iqtidorini namoyon etishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Toshkent davlat transport universiteti professori Anvar Adilxo‘jayev ham berilgan imkoniyatlar, yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib kelayotgan pedagoglardan biri. U Rossiya Federatsiyasining 2021 yil uchun fan, texnika va qurilish materiallari sanoati, konstruksiyalari hamda qurilish sanoati ishlab chiqarishini tashkil etish sohasi bo‘yicha A.I.Grishmanov mukofoti sohibi bo‘ldi.
A.I.Grishmanov nomidagi mukofot fan, texnika, ta’lim, qurilish materiallari va konstruksiyalarni ishlab chiqarishni tashkil etishga katta hissa qo‘shgan mutaxassislarni rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan.
Mukofot qurilish materiallari va konstruksiyalari sanoati korxonalari, birlashmalari, tashkilotlari va muassasalari, qurilish industriyasi, sohani loyihalash, fan va ta’lim muassasalari ishlab chiqarishida kamida 10 yil davomida xizmat ko‘rsatgan xodimlarga, shuningdek, soha rivojiga katta hissa qo‘shgan boshqa shaxslarga beriladi.
Anvar Adilxo‘jayev 450 dan ortiq ilmiy ishlar, xususan, 15 ta darslik va o‘quv qo‘llanma, 14 ta monografiya, 20 ta patent va ixtiro muallifi. O‘tgan besh yil davomida u 4 nafar texnika fanlari doktori va 6 nafar fan nomzodiga ustozlik qildi.
Professor A.Adilxo‘jayevning ilmiy ishlanmalari O‘zbekiston Respublikasi qurilish industriyasi korxonalarida keng qo‘llaniladi. Professor A.I.Grishmanov nomidagi mukofotdan tashqari “Faxriy temiryo‘lchi” (1988) ko‘krak nishoni, “Rossiyada xizmat ko‘rsatgan muhandis” faxriy unvoni (2002), “Rossiyada transport ta’limiga 200 yil” yubiley ko‘krak nishoni (2009) hamda “Mehnat faxriysi” (2021) ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Rag‘bat, e’tirof va e’tibor soha rivojiga, mutaxassislarning yanada samarali izlanishi, intilishida muhim omil bo‘ladi. Anvar Adilxo‘jayevning mazkur mukofotga sazovor bo‘lishi zamirida ham fidoyilik, mashaqqatli va samarali mehnat yotadi.
B.Meliqulova,
O‘zA