Festival g‘oliblari aniqlandi
Ko‘hna va navqiron Marg‘ilon shahri uch kun davomida II “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro folklor musiqa festivaliga mezbonlik qildi. Yurtimizdagi hamda Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston davlatlaridan ishtirok etgan jamoalar o‘zlarining folklor san’atini namoyish etib, dillarga o‘zgacha shukuh ulashdi.
Erkin Vohidov nomidagi ijodkorlar bog‘ida festival yakuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir tashkil etildi. Festival yakuniga ko‘ra, folklor cholg‘u ijrochiligi nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rin Qozog‘iston Respublikasining “Sayalы Sarыag‘ash” folklor-etnografik jamoasiga nasib etdi. Toshkent shahar “Nodirabegim” folklor-etnografik jamoasi 2-o‘rinni, Qirg‘iziston Respublikasi Qadamjoy tumani madaniyat uyi folklor ansambli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Folklor qo‘shiq ijrochiligi nominatsiyasi bo‘yicha Farg‘ona viloyati vakillari g‘olib bo‘lib, Marg‘ilon shahar “Chodir-jamol” folklor-etnografik xalq jamoasi 1-o‘rin bilan taqdirlandi. Jizzax viloyati Zarbdor tumani “Oypari” folklor-etnografik xalq jamoasi 2-o‘ringa munosib ko‘rilgan bo‘lsa, Tojikiston Respublikasi “Bibiho” folklor-etnografik ansambli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
[gallery-12149]
Folklor raqs ijrochiligi nominatsiyasi bo‘yicha Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani “Jo‘ralar” folklor-etnografik xalq jamoasi esa 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Buxoro tumani “Mavji Buxoro” folklor-etnografik xalq jamoasi 2-o‘rinni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani “Apsana” folklor-etnografik jamoasi 3-o‘rinni egalladi.
G‘oliblarga pul mukofotlari, festival statuetkalari hamda diplomlar topshirildi.
El sevgan xonandalar, taniqli ashula va raqs ansambllari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi yig‘ilganlarga ko‘tarinkilik ulashdi.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov(surat),O‘zA