Fermerlarga avtomashina sovgʻa qilindi
Fargʻona viloyati Rishton tumanidagi “Rus oʻzbek teks” xorijiy korxonasi tomonidan klaster asosida paxta yetishtirib, yuqori hosil olgan fermerlar avtomashina va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Fargʻona viloyati Rishton tumanidagi “Rus oʻzbek teks” xorijiy korxonasi tomonidan klaster asosida paxta yetishtirib, yuqori hosil olgan fermerlar avtomashina va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Usta kulollar yurti hisoblangan Rishtonda bugungi kunda klaster asosida paxta yetishtirishda ham oʻziga xos maktab yaratilmoqda. Oʻtgan yilda ilk bor viloyatning mazkur tumanida “Rus oʻzbek teks” xorijiy korxonasi tomonidan paxtachilik sohasida ana shu usul qoʻllanib, yuqori hosil olindi. 2018-yilda 18 ming 534 tonna xom ashyo yetishtirilgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatgich 20 ming 459 tonnani tashkil qilib, hosildorlik 7,8 foizga oʻsdi.

Klaster korxonasi tomonidan fermer xoʻjaliklariga 10 milliard soʻmlik lizing asosida 24 ta texnika va boshqa qishloq xoʻjaligi texnikalari olib berildi. Joriy yilda 17 ming tonna paxta xomashyosi qayta ishlanib, 6 ming tonna ip-kalava tayyorlandi. 93 milliard soʻmlik trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilib, toʻliq eksport qilindi. Kelgusi yilda 5 ming bosh qoramolga ega chorvachilik majmuasi hamda goʻsht-sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tarmoqni ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu bilan yuzlab yangi ish oʻrinlari yaratilib, mahsulot turi yanada koʻpayadi. Yakunlanayotgan yilda klaster korxonasi ana shu kabi salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritdi.
“Rus oʻzbek teks” xorijiy korxonasi tumandagi barcha fermer xoʻjaligi rahbarlarini bir piyola choyga taklif etib, ularning mehnatini alohida eʼtirof etdi. Yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan “Ahmadjon ota”, “Hasan – Husan hosildor yeri” va “Holiqov Yoʻlchiboy” fermer xoʻjaliklariga “Damas” avtomashinasi sovgʻa qilindi. Shuningdek, koʻplab fermerlar, agronomlar, terimchilar va boshqalar qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

– Bu yil fermer xoʻjaligimizda 39 gektar maydonda paxta yetishtirildi, – deydi “Ahmadjon ota” fermer xoʻjaligi rahbari Minavar Mamayusupov. – Paxta tayyorlash rejasini 132 foizga bajardik, hosildorlik ham keskin oshdi. Albatta bularning barchasi klaster usuli asosida paxta yetishtirishning samarasidir. Manfaat ham yaxshi, mehnatimiz ham munosib ragʻbatlantirilmoqda.
“Mamajon ota” va “Oq qayin zamini” fermer xoʻjaliklari rahbarlariga klaster korxonasining kafilligi ostida “Chevrolet Tracker” hamda bir necha fermerlarga boshqa rusumdagi avtomashinalar olib berildi.