Fermerlar o‘rtasidagi nizo sudda yechim topdi
Quvasoylik Ahmadilla Rustamov boshchiligidagi «Farg‘ona JXK-53» fermer xo‘jaligi shahar hokimining 2003 yil 31 iyuldagi qarori bilan tashkil etilgan.
O‘shanda xo‘jalikka shaharning Qoramqul (hozirgi Behizor) massividagi qir-adirlardan 210 gektar yer maydoni dehqonchilik yo‘nalishi uchun ajratib berilgan.
Shundan buyon xo‘jalik risoladagidek faoliyat yuritib kelayotgandi. Ammo 2020 yilga kelib, ketma-ket tashvishli voqealar yuz beradi. Avvalo 2020 yil 12 mart kuni A.Rustamov to‘satdan vafot etadi. Uning qazosidan qirq kun o‘tib, 2020 yil 21 aprelda esa shahar hokimining qarori qabul qilinib, fermer xo‘jaligining salkam 180 gektar yeri shahar zaxirasiga qaytariladi. So‘ngra qaytarilgan yerlar tender tanloviga qo‘yiladi. Mazkur tanlovda esa fuqaro Otabek Husainov g‘olib bo‘ladi. Natijada shahar hokimning 2020 yil 25 maydagi 281-sonli qarori bilan Behizor hududidagi 521, 523, 524, 525, 526, 546, 547, 548, 557, 558, 559, 560-konturlardagi jami 33,49 gektar yer O.Husainovning bog‘dorchilik yo‘nalishida tashkil etilgan “Greenville ARC” fermer xo‘jaligiga uzoq muddatga ajratib beriladi.
Ajablanarlisi shundaki, Quvasoy shahar hokimining 2020 yil 21 apreldagi qarori bilan faqat 521, 524 va 560 konturdagi yerlar zaxiraga olingan xolos. Qolgan 523, 525, 526, 546, 547, 548, 557, 558, 559-konturdagi yerlar «Farg‘ona JXK-53» fermer xo‘jaligi tasarrufidan shahar zaxirasiga qaytarilmay turib ikkinchi fermerga ajratib berilgan.
Buni qarangki, ayni qonunbuzilish holati prokuratura organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshirishda aniqlanadi. Shu bois “Greenville ARC” fermer xo‘jaligiga yer maydonini ajratish bilan bog‘liq hokim qarorlarini bekor qilish haqidagi protest kiritiladi.
Pirovardida Quvasoy shahar hokimining 2020 yil 26 iyunda qabul qilingan qarori asosida 2020 yil 21 apreldagi hokim qarorining "Farg‘ona JXK-53" fermer xo‘jaligi yer maydonlarining bir qismini zaxiraga qaytarish qismi, qolaversa, shahar hokimining 2020 yil 17 avgust kungi qarori bilan 2020 yil 25 maydagi qaror bekor qilingan.
Tabiiyki, bundan norozi bo‘lgan “Greenville ARC” fermer xo‘jaligi rahbari Otabek Husainov Farg‘ona tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qilib, shahar hokimining 2020 yil 26 iyundagi qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan. Biroq sudning 2020 yil 11 dekabrdagi hal qiluv qarori bilan uning da’vo arizasi rad etilgan.
Shundan keyin Quvasoy shahar hokimining 2020 yil 9 dekabrdagi qaroriga muvofiq «Farg‘ona JXK-53» fermer xo‘jaligining rahbarligini A.Rustamovning o‘g‘li Rustam Rustamov nomiga o‘tkazishga ruxsat berilgan. Shu bilan birga 2021 yil 15 fevral kuni Quvasoy shahar hokimligi va «Farg‘ona JXK-53» fermer xo‘jaligi o‘rtasida yer uchastkasini 31 yil muddatga ijaraga berish shartnomasi tuzilgan. Shunga ko‘ra, fermerning avvalgi 210 gektar yeri ijaraga topshirilib, shartnoma kadastr xizmatida ro‘yxatga olingan. Lekin...
Lekin masalaning boshqa bir nizoli jihati paydo bo‘lganki, R.Rustamov bu borada Farg‘ona tumanlararo iqtisodiy sudiga murojaat qilishdan o‘zga chorasi qolmagan. Ya’ni yuqoridagi yerlarni tasarruf etgan mahali “Greenville ARC” fermer xo‘jaligi rahbari O.Husainov o‘sha hududda noqonuniy qurilmalar qilgan. Oqibatda yerlar «Farg‘ona JXK-53» fermer xo‘jaligiga qaytarilgandan keyin ham u joydan chiqib ketmagan. Binobarin, Rustam Rustamov o‘z da’vo arizasida o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan qurilmalarni “Greenville ARC” fermer xo‘jaligi hisobidan buzdirish va javobgarni majburiy ko‘chirishni so‘ragan.
O‘zbekiston Yer kodeksning 91-moddasida «O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari ularga g‘ayriqonuniy ravishda egalik qilingan va foydalanilgan vaqtda qilingan sarf-xarajatlar qoplanmagan tarzda tegishliligiga ko‘ra qaytariladi. Yer uchastkalarini foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish, shu jumladan, undagi imoratlarni buzish yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar hisobidan amalga oshiriladi. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasini yer egasiga, yerdan foydalanuvchiga, yer uchastkasi ijarachisiga yoki mulkdoriga qaytarish tegishli tuman, shahar, viloyat hokimining qaroriga binoan yoki sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi» deb belgilangan.
Fuqarolik kodeksining 228-moddasida mulkdor o‘z mol-mulkini boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olishga haqli (vindikatsiya) ekanligi belgilangan. Ana shu asoslarga tayangan sud «Farg‘ona JXK-53» fermer xo‘jaligining da’vosini qanoatlantirish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqardi. Shu tariqa fermerlar o‘rtasidagi nizo qonuniy yechim topdi.
Xulosa o‘rnida eslatish lozimki, nima bo‘lganda ham har bir ish qonun talabi doirasida amalga oshirilishi, har bir muammoga esa qonuniy yechim topilishi shart. Aksincha, ortiqcha ovoragarchiligu sarson-sargardonliklar yuzaga kelaveradi. Shuni unutmaslik kerak.
Jamila AKRAMOVA,
Farg‘ona tumanlararo
iqtisodiy sudining sudyasi