Fermer mahsulot eksportini koʻpaytirmoqda
Samarqand tumanidagi “Navobod naslli parranda” fermer xoʻjaligi nafaqat mahsulot yetishtirishni, balki, xalqaro miqyosda bozorgir boʻlishini taʼminlagan holda uni eksport qilishni ham yoʻlga qoʻymoqda.
Samarqand tumanidagi “Navobod naslli parranda” fermer xoʻjaligi nafaqat mahsulot yetishtirishni, balki, xalqaro miqyosda bozorgir boʻlishini taʼminlagan holda uni eksport qilishni ham yoʻlga qoʻymoqda.
– Biz fermer xoʻjaligimizda ishni klaster usulida tashkil qilganimizdan soʻng faoliyatimiz qamrovi kengayishi bilan birga eksport salohiyatimizni oshirishga ham muvaffaq boʻldik, – deydi xoʻjalik rahbari Haydar Oʻroqov. – Xoʻjaligimizda naslli tuxum va joʻja, parrandalar uchun toʻyimli ozuqalar yetishtirish bilan birga dehqonchilik ham qilamiz. 65 gektardan ortiq tokzorlarimiz, qariyb 28 gektar bogʻimiz bor. Shuning hisobidan joriy yilning oʻtgan davri mobaynida xorijga 7,4 million AQSH dollariga teng mayiz, naslli tuxum va joʻja eksport qildik. Xaridorlarimiz orasida Tojikiston, Afgʻoniston, Qozogʻiston, Rossiya kabi davlatlar bor.
Shunisi diqqatga sazovorki, shu paytgacha Oʻzbekiston naslli tuxumni Rossiya va Qozogʻistondan import qilgan boʻlsa, endi ularning oʻzi bizdan – “Navobod naslli parranda”dan sotib olmoqda.
Fermer xoʻjaligi oʻzining eksport salohiyatini oshirib, yaqin ikki yilda uni ikki barobarga oshirish uchun imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Jumladan, oq kishmishli uzumzorlar 65 gektarga koʻpayib, ular kelgusi yil hosilga kiradi. Natijada mayiz yetishtirish hozirgi 450 tonnadan 700 tonnaga yetkaziladi. Buning natijasida qoʻshimcha 53 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Naslli parrandalar soni 300 ming boshga yetkazilib, naslli tuxum ishlab chiqarishning yillik hajmi 30 million donaga yetadi. Ana shunday yuksak maqsadlarni koʻzlagan fermer xoʻjaligi jamoasi 2020-yil oxirigacha mahsulot eksportini 10 million AQSH dollariga yetkazmoqchi.
Ha, aytgancha, 2018-yilning mart oyidan buyon Tojikiston respublikasining Soʻgʻd viloyatida fermer xoʻjaligining filiali samarali faoliyat koʻrsatmoqda. Ushbu filial orqali qoʻshni davlatga joriy yilning oʻtgan davrida 3 million AQSH dollarilik mahsulot eksport qilingan.