Faxriylarning hayot yo‘li yoshlarga ibratdir
Marhamat tumanida “Faxriylar hayot yo‘li – yoshlarga ibrat” deb nomlangan uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli Marhamat tumanidagi harbiy qism rahbariyati tashabbusi bilan yosh avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, chegara qo‘shinlarining shonli an’analarini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish, yoshlarni yurtga, Vatan himoyasiga fidoyi insonlar qilib kamolga yetkazish maqsadida tumandagi 2-son kasb-hunar maktabida tashkil etilgan tadbirda keksa avlod vakillari – faxriy harbiylar, harbiy qismda xizmat vazifasini o‘tayotgan askar va zobitlar hamda yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan chegara qo‘shinlari faxriylari, iste’fodagi mayor Ismoiljon Turdiqulov, kapitan Ilhomjon Umirov o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashib, Vatan himoyasi, uning tinchligi va sarhadlari daxlsizligini saqlash har bir insonning, ayniqsa, er yigitning muqaddas burchi ekanligi haqida gapirdi.
Hozir chegara qo‘shinlari tarkibida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar yurtimiz Qurolli kuchlari salohiyati, harbiy xizmatchilarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar, chegara qo‘shinlarining shonli an’analarini davom ettirish o‘zlarining sharafli burchi ekanligi to‘g‘risida so‘z yuritdi.
[gallery-14099]
Faxriylarning ibratli hayot yo‘li, harbiy xizmatchilarning mardligi va qat’iyatiga havas qilgan yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga ulardan batafsil javob oldi. Tadbirda qatnashgan yoshlarning ko‘pchiligi chegarachi bo‘lishni dillariga tugdi.
– Katta bo‘lganimda egnimga harbiy libos kiyib, Vatan himoyachisi bo‘lishni orzu qilaman, – deydi maktab o‘quvchisi Abbosbek Muslimov. – Bugungi tadbir qalbimdagi ana shu orzuni yanada mustahkamladi. Harbiy xizmatchilarning suhbatlari, ayniqsa, faxriylarning xotiralarini tinglab, harbiy bo‘lishga qiziqishim yuz chandon ortdi. Faqat a’lo baholarga o‘qib, kelajakda Vatan himoyachisi bo‘lish uchun astoydil harakat qilaman.
Uch avlod vakillari ishtirokida o‘tkazilgan mazkur tadbir yoshlarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Faxriy chegarachilarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari