Faxriylar yoshlarga ibrat bo‘ladi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Andijon viloyati kengashi qoshida Faxriylar kengashi tuzildi.
Faxriylar kengashini tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan ta’sis yig‘ilishida partiya faollari, deputatlar, mehnat faxriylari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda mamlakatimizda yoshi ulug‘ insonlar, mehnat faxriylariga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatib kelinayotgani, ularning katta hayotiy tajribalaridan saboq olish jamiyatimiz farovonligini ta’minlashda, ayniqsa, yoshlar tarbiyasida, ularni komil inson bo‘lib ulg‘ayishlarida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Partiya tashkil topgandan buyon uning safida turib, o‘z xalovatidan voz kechib, jamiyatda partiya nufuzini oshirish, maqsad va vazifalarini targ‘ib etish, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida samarali faoliyat yuritib kelayotgan partiya a’zolari orasidan Faxriylar kengashi raisi va a’zolari saylab olindi.
Uzoq yillar davomida tuman hokimi, viloyat hokimining o‘rinbosari va boshqa turli lavozimlarda samarali faoliyat yuritgan, katta hayotiy tajribaga ega, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi Manzuraxon Egamova Faxriylar kengashi raisi etib saylandi.

– Yoshi ulug‘ insonlarning tarbiya, maslahat va takliflarini olgan yoshlar to‘g‘ri yo‘ldan aslo adashmaydi, – deydi Manzuraxon Egamova. – Maqsadimiz, bilim va boy hayotiy tajribalarimizni yoshlarga o‘rgatish, shu orqali yurtimiz rivojiga, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga o‘z hissamizni ko‘shishdir.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA