Faxriylar o‘giti – yoshlarga ibrat
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi Surxondaryo akademik litseyida “Jasorat –millat g‘ururi va iftixori” shiori ostida “Uch avlod” uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuvda Surxondaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Sh.Shodiyev tinch-to‘kin mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan, front ortida mehnat qilgan faxriylarga, mustaqillik yillari xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan tinchligimiz posbonlari xotirasini ulug‘lashga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida atroflicha so‘z yuritdi. Vatanimizdagi osoyishta, obod hayot, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, bunday bebaho boylikni muttasil mazmunan boyitib borishning ahamiyati xususida fikr almashildi.


Keksa avlod vakillarining xotiralari, qimmatli maslahat-u, pand-u nasihatlari tinglangan tadbirda viloyat IIB faxriylar kengashi a’zosi, iste’fodagi mayor B. Shodiyev va boshqa nuroniylar og‘ir yillardagi bolalik davri, hayoti va mehnat faoliyati to‘g‘risida hikoya qilib berdi. Xizmat davridagi qiziqarli voqea-hodisalar, duch kelgan qiyinchilik va mashaqqatlar haqida so‘z yuritdi. Xodimlarga yaratilgan bugungi qulayliklar bilan o‘zlari xizmat qilgan og‘ir davrlarni qiyoslab, bunday sharoitda xizmat qilishga shukrona aytish lozimligini, faxriylar tizimda xizmat olib borayotgan yosh xodimlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish va tajribalarini o‘rgatishga hamisha tayyor ekanliklarini ta’kidlashdi.

Uchrashuvda akademik litsey o‘quvchilari Vatan, tinchlik, yurtga sadoqat va mehr-muhabbat tarannum etilgan she’rlarni ifodali o‘qib, qo‘shiqlar kuyladi. Badiiy sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Faxriy ustozlar va a’lo baholarga o‘qiyotgan bir guruh o‘quvchilarga viloyat IIB boshlig‘ining tashakkurnomasi, kitoblar to‘plami tuhfa qilindi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri