Faxriy jurnalistdan xayrli tashabbus
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi, faxriy jurnalist Vositxon Ahmadxonov qariyb o‘ttiz besh yil matbuot sohasida mehnat qilib nafaqaga chiqqan.
Hozirda Andijon shahridagi 8-umumta’lim maktabida ijodiy madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi sifatida ishlamoqda. U «Boshliqning sholchasi», «Dum», «Qiziqchining o‘limi» singari o‘nga yaqin kitoblar muallifi hamdir.

– Kitob har bir inson, ayniqsa, yoshlar kamolotida muhim o‘rin tutadi, – deydi faxriy jurnalist V. Ahmadxonov. – Shu bois ham mamlakatimizda kitobxonlikni targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada o‘tkazilayotgan tadbir va tanlovlar o‘quvchi yoshlarning nafaqat bilimini, balki kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini ham oshiradi.

Faxriy jurnalist o‘zi ishlayotgan maktabning yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida «Yosh kitobxon» tanlovini o‘tkazdi. Shaxsiy jamg‘armasi hisobidan tanlov g‘olib va sovrindorlariga 1 million so‘m mukofot berildi. Mazkur tanlovda maktabning 9-11-sinf o‘quvchilari ishtirok etdi. Qizg‘in savol-javoblarga boy o‘tgan tanlov yakuniga ko‘ra, 10-sinf o‘quvchisi Yodgora Ubaydullayeva g‘olib bo‘ldi. U 500 ming so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. Tanlov sovrindorlariga esa 500 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ taqsimlab berildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA