Favqulodda vaziyatlarda qanday harakatlanish kerak
Andijonda Farg‘ona, Namangan viloyatlarining favqulodda vaziyatlar davlat tashkilotlari tizimiga kiruvchi korxona, tashkilotlar, shuningdek, favqulodda vaziyatlar, ichki ishlar, Milliy gvardiya boshqarmalari va ularning quyi tizimlari vakillari ishtirokida qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari bo‘lib o‘tmoqda.
Andijon shahrining Alisher Navoiy nomidagi Madaniyat va istirohat bog‘ida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri, general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev, Andijon viloyati fuqaro muhofazasi boshlig‘i, viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda fuqaro muhofazasini kuchaytirish, favqulodda vaziyatlar davlat tashkilotlari tizimiga kiruvchi muassasalarning yuz berishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarga shayligini, bu boradagi bilim, malaka va ko‘nikmalarini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
[gallery-18313]
Tadbir doirasida viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan otaliqqa olingan hamda tizimda faoliyat olib borayotgan o‘ttiz yoshdan oshmagan yoshlar, harbiy xizmatchilar tomonidan saf yurishlari, ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda qanday tezkor harakat qilish, tizimga kiruvchi barcha sohalar faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari o‘tkazilayotgan hududlarda tashkil etiladigan shartli yong‘in, avariya va evakuatsiya tadbirlari to‘g‘risida mutaxassislar tomonidan ishtirokchilar, xususan, yoshlarga keng tushunchalar berildi.
Farg‘ona vodiysi viloyatlari favqulodda vaziyatlar davlat tashkilotlari tizimi vakillarining bilim, malaka va amaliy ko‘nikmalarini boyitishga xizmat qilayotgan o‘quv mashg‘ulotlari bir necha kun davom etadi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA