Favqulodda vaziyatda nima qilish kerak
Konimex tumanida Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan “Boshqaruv organlari, Favqulodda vaziyatlar davlat tuzilmalari hududiy va funksional quyi tizimlarining favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha harakatlari” mavzusida qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqi o‘tkazildi.
Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqi davomida bir qancha ob’ektlarda namunaviy maxsus taktik o‘quv mashqlari o‘tkazildi.


– Mazkur tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, rahbarlar tarkibining kuch va vositalarini boshqarish, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tadbirlarida ularni samarali qo‘llash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini oshirishdir, – deydi boshqarma bo‘lim boshlig‘i Muhsin Ergashev. – Bunda favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash va fuqaro muhofazasi tadbirlarini tashkil etish davomida turli darajadagi boshqaruv organlari hamda kuch va vositalarning hamjihatlikda harakat qilishini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish hududiy va funksional quyi tizimlarining hamkorligini tashkil etish bo‘yicha tadbirlarni takomillashtirishga asosiy e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, tadbirlar davomida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish harakatlari rejasi, Fuqaro muhofazasi rejasi hamda boshqa rejalashtirish hujjatlarining reallik darajasini baholash, tuman rahbarlar tarkibi hamda kuch va vositalarining tayyorgarligi ko‘rib chiqiladi.


Mashqlar jarayonida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularni bartaraf etish va oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirish hamda favqulodda vaziyat sodir bo‘lgan hududlardan aholini evakuatsiya qilish, ko‘chirilgan fuqarolar uchun hayotiy zarur sharoitlarni yaratish hamda vayron bo‘lgan hududlarda infratuzilma ob’ektlarini tiklash ishlari ko‘rgazmali ravishda ko‘rsatib berilmoqda.
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning quyi tizimi xodimlari tomonidan viloyatning barcha umumta’lim maktablari, litsey, kasb-hunar maktablari va texnikumlarida “Yosh qutqaruvchi” tadbirlari o‘tkazilmoqda. Boshqarmaning mas’ul xodimlari tomonidan barcha ob’ektlarda o‘tkazilayotgan maxsus-taktik o‘quv mashqlari muvofiqlashtirilib borilmoqda.


A.Bo‘riyev, O‘zA