Farzandingizni telefondan qutqaring!
Men Andijon viloyatida tug‘ilganman. Maktabni tamomlab azim poytaxtda tahsil oldim, hozir shu yerda ishlamoqdaman. Ba’zan bir, ba’zan ikki oyda bo‘lsa ham ona qishlog‘im tomon otlanaman. Qishloqning toza havosi, samimiy va mehribon odamlari, bolaligim o‘tgan ko‘chalarni qo‘msayman. Yurak entikaveradi. Shuning uchun ham tez-tez borib turaman.
Har gal poytaxtga qaytishda imkoni boricha poyezdda qaytishga harakat qilaman. Chunki poyezdda yo‘lovchi sheriklar ko‘p bo‘ladi, ular bilan suhbatlashaman va turfa taqdirlar, o‘zimga noma’lum bo‘lgan turli xil ma’lumotlarga ega bo‘laman. Bu galgi o‘rindiqdoshim yosh bolali ayol ekan.
Poyezd yurdi. Qulog‘imga quloqchinni taqdimu vagon derazasidan tabiatning go‘zalligini tomosha qilib ketdim. Poyezdning siltanib yurishimi yoki begona odamlarning ko‘pligi bolaning yig‘lashiga sabab bo‘ldi. Onasi harchand yupatishga urinmasin, bola balandroq yig‘lardi. Quloqchinimni olib, biror joyi og‘riyotgandir bolangizni,- dedim. Ayol esa jilmayib, unga emas, telefonimni so‘rayapti, dedi. Yosh bola-ya, ajablandim. Ayol cho‘ntagidan shapalog‘idan kattaroq telefonni olib bolaga berdi. Rostdan ham bola yig‘idan to‘xtab, telefonni kavlay boshladi.
bugungi kun bolalari hamma narsani biladi, deb kulib qo‘ydim. Ona esa negadir xomush tortib, so‘zlay boshladi.
– O‘g‘lim chaqaloqligidan yig‘lasa, telefon berib, televizor qo‘yib, ishlarimni qilardim. Bora-bora u bunga o‘rganib qoldi. Kichik bo‘lsada, bir nechta o‘yinlarni o‘ynashni biladi. Vaqti kelsa, telefonning quvvati tugamaguncha qo‘lidan qo‘ymaydi. Bundan xavotirga tushmoqdaman. Nima qilishni bilmay qoldim,–- deb bolasining qo‘lidagi telefonga yov qarash qilib qo‘ydi ayol.
Shu-shu metroga tushsam ham, jamoat transportiga chiqsam ham yoshlarni kuzataman. Haqiqatdan ham yoshlarning fikri-xayoli telefonda, qo‘llaridan qo‘ymay, ko‘zlarini uzmay, ichiga kirib ketay deyishadi. Avval ham shundaymidi? Yoki men e’tibor bermaganmanmi?
bugungi kunda zamon tez rivojlanmoqda. Inson barcha narsada qulaylikka intilishi natijasida barcha sohalarda eng so‘nggi qurilmalar kashf qilinmoqda. Xususan, aloqa vositalarida ham. Hayotimizni telefonsiz tasavvur qilish qiyin. Ko‘cha-ko‘yda qaysi yoshga qaramang, turli rusumdagi uyali telefonlarda gaplashayotganini ko‘rish oddiy holga aylandi.
Telefonning bola salomatligiga qanday ta’siri bor?
Internet ma’lumotlarida keltirilishicha, angliyalik shifokorlar mobil telefonning organizmga zarari ko‘pligini, turli kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lishini isbotlashgan. Londonda faoliyat ko‘rsatuvchi doktor Vini Kurana telefonning salbiy ta’siri bilan bog‘liq miya saratoni bolalarni ham chetlab o‘tmayotganini, agar bunga e’tiborsiz qaralaversa, yaqin 10 yil ichida saratondan halok bo‘ladigan bolalar soni oshib borishini bildirgan.
Shuningdek, elektromagnit to‘lqinlari inson irsiyatidagi tartibning buzilishiga, hujayralar faoliyatining izdan chiqishiga, organizmdagi ma’lum bir kasallik viruslarining faollashuviga sabab bo‘ladi. Natijada xavfli o‘sma kasalligini keltirib chiqaradi. Ispaniyadagi nevrodiagnostika ilmiy- tekshirish instituti olimlarining fikricha, 11-13 yashar bolalar qo‘l telefoni orqali ikki daqiqa gaplashsa, ularning bosh miyasidagi bioelektrik o‘zgarishlar telefonni qo‘ygandan keyin ham ikki soatcha saqlanib qolar ekan.
Shifokorlarning o‘tkazgan tajribasiga ko‘ra, bolalardagi bezovtalangan miya faoliyati ruhiy muammolarga, o‘qish qobiliyatining pasayishiga olib kelgan. Bundan tashqari, mobil telefonlar bolalarning organizmiga, bo‘yining o‘sishiga, immunitetiga, diqqatini jamlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Qolaversa, telefondagi o‘yinlarni uzluksiz o‘ynash oqibatida bolalarda umurtqa pog‘onasining qiyshayishi, ko‘z xastaliklari kuzatilganiga guvoh bo‘lishgan.
Farzandingiz kun davomida qancha vaqt telefondan foydalanadi?
Telefon va undagi tasvirlar aqlni rom etadigan, o‘ziga mute qiladigan shunday viruski, kundan kunga uning yuqumlilik darajasi ortib bormoqda. Kichik yoshdagi bolalar, aqlini tanigani va hatto maktab yoshidagi bolalar ham o‘ziga qo‘yib bersangiz, telefonni kecha-yu kunduz qo‘lidan qo‘ymaydi. Biror badiiy kitobdan ikki varaq o‘qimasa o‘qimaydiki, telefondan o‘zini ajrata olmaydi. Bolasi injiqlik qilaversa, qulog‘i tinchishi uchun unga o‘sha matohni qo‘shqo‘llab topshirib qo‘yayotgan ota-onalar ham oz emas.
Ota-onalar bolalari bir kunda telefondan qancha vaqt foydalanishi kerak deb hisoblashadi. Ularning fikr-mulohazalarini bilish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda so‘rovnoma o‘tkazdik. Ota-onalar bu savolimizga turlicha javoblar, fikr-mulohazalar bildirishgan. Ayrim ota-onalar farzandi voyaga yetmaguncha telefondan foydalanishga ruxsat bermagan bo‘lsa, ayrimlari 2, 4, 6 soatgacha ruxsat berishi haqida yozishgan.
Ayrim ota-onalar farzandiga telefon juda kerakli buyum ekanligini, farzandi qayerdaligini bilishi uchun lozimligini ta’kidlagan.
So‘rovnomamizda ishtirok etgan ayrim ota-onalar esa bolalarning telefondan foydalanish me’yorlari haqida tavsiyalar ham bergan. Masalan, “Avvalo o‘zingiz bolaning oldida telefon o‘ynamang. Farzandingizga telefon o‘ynash uchun vaqt belgilamang, aksincha, uning zararlari haqida tushuntiring. Bolangiz bilan ko‘proq suhbatlashing, ularni qiziqtirgan savollarga, albatta, javob bering. Yo‘qsa, bolalarning qalbidagi bo‘shliqni telefon to‘ldiradi”- deydi Navbahor Karimova.
Mutaxassislarning fikricha, uyali telefondan foydalanish me’yori bir martalik suhbat uchun uch daqiqa atrofida bo‘lishi, o‘n oltiga kirmaganlarning bir martalik suhbati ikki daqiqadan oshmasligi zarur. Suhbatlar o‘rtasidagi oraliq 20-25 daqiqa bo‘lganda uyali telefonning salbiy ta’siri kamayadi. Bolalar bir sutkada 30 daqiqadan ortiq gaplashmasligi lozim.
Bola necha yoshidan mobil telefondan foydalangani ma’qul?
Shifokorlarning ta’kidlashicha, o‘n yoshgacha bo‘lgan bolalarning bosh miya, ko‘z, quloq, asab va suyak tizimlari hali to‘la shakllanmagan bo‘ladi. Uyali telefon aqliy qobiliyatni pasaytirib, asabiylashishga olib keladi, o‘quvchini va uning atrofidagilarni mashg‘ulotlardan chalg‘itadi. Hindistonda o‘n olti yoshgacha bo‘lgan bolalarning uyali telefondan foydalanishi butunlay taqiqlangan. Yaponiya, Fransiya va Ispaniyada ham bolalarning mobil telefondan foydalanishida cheklovlar o‘rnatilgan.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bolalarning smartfon va planshetlardan foydalanishi ularda ruhiy hamda psixologik muammolarni keltirib chiqaradi. AQSHlik olimlarning ta’kidlashicha, mamlakatdagi to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalarning 97 foizi, oilaviy daromadidan qat’i nazar, mobil telefonlardan foydalanadi. Uyqusizlik, semizlik, yakkalanib qolish, bosh miya shishi, saraton xuruji, barmoqlarning shikastlanishi, muloqot qobiliyatining pasayishi va o‘rganishning cheklanishi telefon ikki yashar bolaga yetkazadigan zararning bir qismi ekan, xolos.
Telefonning bola ruhiyatiga ta’siri qanday?
bugungi kunda qo‘l telefonlari va internet tarmog‘ida axloqqa zid tasvirlar shu darajada ko‘payib ketganki, bu hol yoshlarning odob-axloqi va ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, har yili yer yuzida 10 milliondan ortiq qiz 18 yoshga to‘lmay turmush qurayotgan, 16 milliondan ziyod qiz homilador bo‘lib qolayotgan, eng yomoni, butun dunyoda har kuni balog‘atga yetmaganlarning 2000 nafardan ziyodi VICH virusini yuqtirib olayapti. Bunda mobil telefon yoki internetdagi behayolikni targ‘ib qiluvchi turli filmlar, o‘yinlarning ta’siri ekanligi kunday ravshan. Bundan tashqari, bolalar sevib o‘ynayotgan o‘yinlarga e’tibor qaratsangiz, aksariyati, vahshiy otishmalar, inson insonni o‘lirishi bilan g‘alaba qozonadigan ko‘ngil ochar dasturlar. Bola o‘yin davomida faqat g‘alabani o‘ylaydi. Boshqa narsalar haqida mutlaqo o‘ylashmaydi ham. O‘yinda yutish uchun hamma narsaga tayyor bo‘ladi. Bora- bora bolaning hayotida yuz berayotgan voqealar uning xayoliga ko‘chadi. Natijada xayoliga kelgan ishlarni xayotda ham amalga oshira boshlaydi. Bu esa yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Bolalarning aloqa vositalaridan foydalinishida nimalarga e’tibor berish kerak?
Farzandlarimiz internet va kompyuterdan foydalanishida ularni cheklash emas, balki undan oqilona foydalanishni o‘rgatish zarur. Avvalo, telefondan foydalanish madaniyatini ota onalar o‘zlarida shakllantirishi va o‘zlari o‘rnak bo‘lishi darkor. Qolaversa, balog‘at yoshidagi bolalarni qarovsiz qoldirmaslik, nazardan qochirmaslik kerak. Farzandingiz telefondan nima maqsadda foydalanyapti, aloqa vositalari bilan qancha vaqta mashg‘ul bo‘lmoqda. Bularning barchasi nazoratda bo‘lishi lozim. Shuningdek, bolalarning internet va kompyuterda o‘ynaydigan o‘yinlari zehnni charxlaydigan, ma’rifiy foyda beradigan, odob-axloqqa chorlaydigan bo‘lsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Eng muhimi, hayot tashvishlaridan biroz chekinib, o‘z farzandingiz tarbiyasi uchun ham vaqt ajrating.
Zero, bolalarga berilayotgan bugungi e’tibor, tarbiya ularning komil shaxs sifatida shakllanishiga, chin insoniy fazilatlar bilan voyaga yetishiga, jamiyatga, odamlarga nafi tegadigan inson bo‘lishiga xizmat qiladi.
Shunday ekan bugun farzandingizni telefondan qutqaring!
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA