Farzand tarbiyasi: nima eksang, shuni o‘rasan
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni
Yarim tun. Qo‘shni qavatdan er-xotinning baland ovozdagi tortishuvi eshitildi. Borgan sayin ovozlar balandlashib, tortishuv janjalga aylanib ketdi.
Ayoliga bor qahrini sochib, lug‘atda yo‘q haqoratli so‘zlarni aytib bo‘lgach, eshikni qarsillatib yopgan er ko‘chaga otildi. Hech narsani tushunmagan uch yoshli Xadicha iltijoli nigohlarini onasiga qadab: “Sizga nima bo‘ldi, onajon? Nega yig‘layapsiz?” deya tinmay ingrar edi. Eri bilan bo‘lgan janjal ta’sirida turgan Dildora o‘zidagi alam va g‘azab ta’sirida bolani irg‘itib yubordi. Qizaloq battar yig‘ladi. Dildora bolani ovutish o‘rniga uni battar urar, bola esa ovozi boricha baqirardi. Xalqimiz qo‘shning tinch, sen tinch, deb bejizga aytmagan ekan. Bo‘lib o‘tgan notinchlik dilni xira qildi.
So‘nggi vaqtlarda Dildora erining alamini shu bolasidan oladigan bo‘ldi. Endigina 3 yoshni qarshilagan qizalog‘ini uradi, azoblaydi. Bu ishi bilan xuddi ko‘nglidagi nafrat, alamzadalik olovi so‘nadigandek.
Farzandimni bog‘chaga olib borayotganimda Dildorani uchratib qoldim. Farzandlarimiz bitta bog‘chaga borgani uchun yo‘l-yo‘lakay suhbatlashib ketdik. U oilasida tinmay janjal bo‘layotgani, buning ta’sirida farzandiga e’tibor bera olmayotgani va bor alamini undan olayotganidan pushaymonligini aytdi.
– Bolangizni urmang! Unda nima gunoh? deya Dildoraga tanbeh berdim.
Shu vaqt yugurib ketayotgan bolalar yiqilib tushdi. Qizining ust-boshi chang bo‘lganini ko‘rgan Dildora bolasini ura ketdi.
Buni ko‘rib yuragim ich-ichidan og‘ridi. Qizaloqni onasining qo‘lidan tortib oldim. Dildora biroz o‘ziga keldi. Qizini quchoqlab, yig‘lab undan kechirim so‘radi...
Yo‘l bo‘yi o‘zim bilan o‘zim suhbatlash bordim. O‘zbek xalqi bolajon, deymiz. Shuncha xatti-harakat farzandli bo‘lish, ularni voyaga yetkazish, ular uchun yashashda ekan, nima uchun onalar bolaga qo‘l ko‘taradi? Nima uchun alamini boladan oladi? Nima uchun farzandlar ota-onasiga go‘yoki muammodek tuyuladi?
Afsuski, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda, yon- atrofimizda o‘z farzandlarini urib jazolayotgan, qiynayotgan, hatto o‘ldirib, ko‘chaga tashlab ketgan ota-onalar haqidagi voqealarni kuzatyapmiz. Tushunmayman, ona qanday qilib o‘z zurriyodini, jonidan jon berib dunyoga keltirgan farzandini azoblaydi. Bunga nima sabab bo‘lmoqda? Muammoning ildizi qayerda, bu qachon to‘xtaydi?
bugungi kunda bolalarda ham onkologik kasalliklar ko‘paygan. Ilgari umuman kuzatilmagan kasalliklar uchrayapti. Buning sabablari o‘rganilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bola ko‘p siqilsa, ko‘p tushkunlikka tushsa, shuning natijasida turli xil kasalliklar kelib chiqish ehtimoli bor ekan. Ming afsuski, ko‘pchilik onalar bolasi og‘ir kasal bo‘lganda yoki uni yo‘qotib qo‘yganida hayotda o‘zi hal qila olmagan narsalarda bola aybdor emasligini,u hamma narsadan qadrli ekanligini tushunyapti.
– Ona bo‘lish bu – faqat fiziologik jarayon emas, ona degani butunlay boshqa dunyo, – deydi besh farzandning onasi Qizlargul Ernazarova. – Ona bo‘lish uchun juda katta ilm, mas’uliyat talab etiladi. Ona farzand uchun haqiqiy inson timsoli, shuningdek, chin hayot maktabi bo‘lishi kerak aslida. O‘zimizni tutishimiz, muomala madaniyatimiz, kiyinishimiz bilan farzandlarimizga namuna bo‘lishimiz kerak. Qachonki, farzandlarimiz bizning, ya’ni er-xotinning bir-birimizga bo‘lgan samimiy munosabatlarimiz, mehr-muhabbatga to‘la sof tuyg‘ularimizni ko‘rib ulg‘aysagina, ota-onasiga hurmati, mehri oshadi. Shundagina bolalarning ota-ona va farzand o‘rtasidagi rishtalar qanday bog‘lanishi haqidagi tasavvurlari uyg‘onadi. Mana shunday muhitda 5 farzandni tarbiyaladim. bugungi kunda farzandlarimning barchasi oliy ma’lumotli, oilasi bilan tinch-totuv yashamoqda. Urush-janjal ko‘p bo‘ladigan oilalarda tarbiya topayotgan farzandlar ota-onasiga bemehr bo‘lib ulg‘ayadi. Ana o‘shanda onaning kaltaklari, o‘tkazgan zug‘mi, o‘ylamay gapirgan har bitta gapi javobini farzandidan oladi.
–Ko‘pchilik yosh kelinlar umuman oila qurishga tayyor emas, – deydi O‘zbekiston Milliy universiteti psixologiya kafedrasi o‘qituvchisi, psixolog Nozima Valiyeva. – Psixologiyada infontalizim degan tushuncha bor. Ya’ni, insonning yoshi pasporti bo‘yicha katta bo‘lib ketaverishi mumkin. Aytaylik, tanasining yoshi 30-35 ga kirgan bo‘lishi, lekin ichki yoshi, shaxs sifatida rivojlanishi ancha orqada – 6-7 yoki 11-12 yoshda qolib ketgan bo‘lishi mumkin. Shunday bola bir oiladan boshqa oilaga ko‘chib o‘tdi, deylik. Lekin farqi shundaki, bu yerda endi uning o‘zining ham bolasi paydo bo‘ladi. Ona bo‘lish bu– faqat fiziologik jarayon emas. Ya’ni, bo‘lajak onalar bunga ichidan tayyor bo‘lishi kerak. Aks holda hayvonlardan nima farqimiz bor. Bolani dunyoga keltirgandan keyin unga yaxshi tarbiya berish ham lozim. Bunga katta ilm zarur. Ko‘pchilik ota-onalar qizlari oilaga tayyor bo‘lmay turib turmushga berishadi. Hayot tajribasiga ega bo‘lmagan yosh kelin farzandli bo‘ladi. U farzandiga to‘g‘ri tarbiya bera olmaydi. Natijada ko‘pchilik ota-onalar farzandi o‘smirlik vaqtida qaysar, jahldor, gapga kirmasligidan, onani behurmat qilishidan shikoyat qilib psixologga yuguradi. O‘shanda sizga Alloh pok, top-toza farishtani bergan. Uni 12-13 yil davomida qahr bilan tarbiyaladingizmi, demak, sizga o‘zingiz bergan qahr qaytadi. Nima endi, o‘zingizning mahsulotingiz o‘zingizga yoqmayaptimi?
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan buxorolik yigit o‘z otasini bolta bilan chopib o‘ldirgani, qashqadaryolik yigitning o‘z ota-onasini sovuq qurol bilan urib o‘ldirgani haqidagi xabar qalblarimizini larzaga keltirdi. O‘shanda teleekranda yigit sud qarshisida qilgan ishidan pushaymonligini aytyapti-yu, e’tibor bergan bo‘lsangiz, uning ko‘zlarida achinish, qilgan ishidan pushaymonlik hissi yo‘qligini yaqqol sezish mumkin. Haligacha tasavvurimga sig‘dira olmayman. Odam qanday qilib o‘zini dunyoga keltirgan, ulg‘aytirgan, uyqusiz tunlar uni allalagan, bemorligida girdikapalak bo‘lgan benazir insonlar hayotiga zomin bo‘lishi mumkin?!
O‘z ota-onasi joniga qasd qilish uchun butunlay insoniylikdan chiqish kerak. Demak, o‘z jigargo‘shasining qo‘lida bo‘g‘izlangan ota-ona farzandiga insoniy tuyg‘ularni yetarlicha singdirolmagan. Xo‘sh, o‘z pushtipanohining qotiliga aylangan shaxsdan jamiyatga qanday foyda bo‘lishi mumkin? Uni qayta tarbiyalab, inson holatiga keltirib bo‘larmikan? Bizningcha, bu juda og‘ir muammo.
Buning mohiyatini chuqurroq o‘ylab ko‘rsak, yuqoridagi fojiaga ayrim ota-onalarning o‘zlari zamin yaratib, bevosita sababchi bo‘lmoqda. Ota-ona farzandini dunyoga keltirgandan so‘ng juda katta mas’uliyat – ota-onalik hissini chuqur anglab yetsa va butun hayoti davomida o‘zini shu mas’uliyatga munosib tutsagina, farzandlarining, elu yurtning mehr-muhabbatini qozonishi mumkin. Ular dunyodan o‘tsalar-da, zurriyotlari qalbida abadiy yashaydilar. Bergan tarbiyalari bois jamiyat oldida yuzlari yorug‘ bo‘ladi.
Aytmoqchimizki, farzandning qobil yoki noqobil bo‘lib voyaga yetishi, uni dunyoga keltirganlarga rahmat keltirishi ota-onaning o‘z vaqtida bergan tarbiyasi, mehru sadoqatiga, chekkan zaxmatlariga bog‘liqdir.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA