Farovonlikka yo‘naltirilgan sarmoyalar
Mamlakatimizda uy-joy qurilishi hamda mazkur sohada faoliyat yurituvchi korxona va tashkilotlarni rivojlantirish bank-moliya tizimidagi islohotlarda muhim o‘rin tutadi. “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat banki ham o‘n yildirki, uy-joy bozorini rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda.
Mamlakatimizda uy-joy qurilishi hamda mazkur sohada faoliyat yurituvchi korxona va tashkilotlarni rivojlantirish bank-moliya tizimidagi islohotlarda muhim o‘rin tutadi. “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat banki ham o‘n yildirki, uy-joy bozorini rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda.“Ipoteka-bank” moliya muassasalari faoliyatini barqarorlashtirishning zamonaviy tamoyillari asosida hududlarda o‘z infratuzilmasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Hozirgi kunda bankning joylarda 38 filial, 129 mini-bank, 530 dan ortiq jamg‘arma va maxsus kassa hamda 83 xalqaro pul o‘tkazmalari shoxobchasi faoliyat yuritmoqda.
2015-yilda viloyatlar markazi va Toshkent shahrida ellikta ko‘p qavatli uy-joy qurilishini moliyalashtirish uchun 186,2 milliard so‘mlik kredit ajratildi. Ayni vaqtda foydalanishga topshirilgan uylar soni qirqdan oshdi. Jumladan, poytaxtimizning Nurafshon ko‘chasida 4 ta 5 qavatli turar joy binosi barpo etildi.
– O‘tgan yili 106 million so‘mlik imtiyozli kredit evaziga shahrimizdagi ko‘p qavatli uydan uch xonali kvartira xarid qildik, – deydi farg‘onalik Zarnigor Abdullayeva. – Bunda yosh oilalar uchun ajratilayotgan ipoteka kreditlari bizga qo‘l keldi. Bank qisqa fursatlarda birlamchi uy bozoridan hamma qulayliklariga ega xonadon xarid qilishda yordam berdi. Kelajakdan umidimiz yanada katta. Chunki turmushi farovon, zamonaviy uy-joyli oilalarning ishida unum, kelajakka ishonchi mustahkam bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-sentabrdagi “Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori “Kamolot” uylari qurilishini moliyalashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Unga ko‘ra, Andijon shahri, Asaka va Baliqchi tumanlarida uchta – 144 xonadonli, Buxoro, Kogon shaharlari va G‘ijduvon tumanida uchta – 192 xonadonli, Toshkent shahri Bektemir tumanida bitta 32 xonadonli uy-joy foydalanishga topshirildi.
“Ipoteka-bank” qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida uy-joylar qurilishida ham faol ishtirok etmoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 7-yanvardagi “2015-yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi dasturi va 2016-yilgi qurilishning asosiy parametrlari to‘g‘risida”gi qarori bunda dasturilamal bo‘layotir. Unga ko‘ra, o‘tgan yili “Ipoteka-bank” viloyatlarda uch mingtadan ortiq namunaviy uy qurilishiga moliyaviy yordam ko‘rsatdi. Bu 2014-yilga nisbatan uch baravar ko‘p demakdir. Mazkur uy-joylar qurilishi uchun 361 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari yo‘naltirildi.
Bundan tashqari, 2015-yilda 4 ming 280 oilaga ipoteka kreditlari ajratildi. Shundan, 110,2 milliard so‘m mingdan ortiq oilaga yangi qurilgan ko‘p qavatli turar joylardan kvartira xarid qilishga, 361,7 milliard so‘mi uch mingdan ziyod oilaga xususiy uy-joy qurish va ta’mirlash uchun berildi.
Bank yurtimizda uzoq muddatli ipoteka kreditlari asosida uy-joy quruvchi tashkilotlar uchun mahalliy va xorijiy investitsiya mablag‘larini ham keng jalb etmoqda. Natijada import o‘rnini bosuvchi, tejamkor qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar safi kengaymoqda.
Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili bank mablag‘lari hisobidan 62,2 milliard so‘mlik kreditlar ajratilib, yuzga yaqin raqobatbardosh qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarning loyihalari moliyalashtirildi. Bu yangi ish o‘rinlari yaratish, hududlarda bir-biridan ko‘rkam, zamonaviy ko‘p qavatli uylar barpo etilishida qo‘l kelmoqda.
– Korxonamiz qurilish faoliyati bilan shug‘ullanadi, – deydi Farg‘ona shahridagi “Fayz binokor” korxonasi rahbari Oygul Zokirova. – O‘tgan yillarda bank kreditlari yordamida Qo‘qon shahrida ikkita, Farg‘onada to‘rtta ko‘p qavatli uy-joy barpo etdik. Uylar atrofida aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham ishga tushirilmoqda.
Ayni vaqtda bank kredit hujjatlarini rasmiylashtirishga sarflanadigan xarajatlarni qoplash maqsadida garov ta’minoti bilan bog‘liq xarajatlarni kredit mablag‘lari hisobiga amalga oshirishni yo‘lga qo‘ymoqda.